O‘zbekiston to‘rtta qo‘shni mamlakat bilan davlat chegarasini delimitatsiya va demarkatsiya qilish bo‘yicha ishlarni tezlashtiradi. 2017−2021-yillarda mamlakatni yanada rivojlantirish bo‘yicha harakatlar strategiyasi to‘g‘risidagi Prezident farmoni loyihasida ushbu masala ham ko‘zda tutilgan, deb xabar qiladi “Gazeta.uz”.
Hujjat loyihasida mutasaddi vazirlik va mahkamalarga yilning birinchi choragida davlat chegaralarini delimitatsiya va demarkatsiya qilish bo‘yicha rejani ishlab chiqish vazifasi topshirilgan.
Unda davlat chegarasining O‘zbekiston–Qirg‘iziston o‘rtasidagi kelishilmagan qismini huquqiy rasmiylashtirish jarayonini tezlashtirib, chegara to‘g‘risidagi shartnoma imzolanishiga yetib kelish belgilangan.
Sirdaryo, Jizzax, Navoiy viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi uchastkalarida Qozog‘iston Respublikasining Janubiy Qozog‘iston, Qizilo‘rda, Aktyubinsk va Mang‘istov viloyatlari bilan tutash uchastkalari bo‘yicha Qozog‘iston bilan Davlat chegarasini demarkatsiya qilish bo‘yicha muzokaralarni davom ettirish ko‘zda tutilgan.
Bundan tashqari, Tojikiston va Turkmaniston bilan ham davlat chegarasining kelishilmagan qismlarini huquqiy rasmiylashtirish to‘g‘risidagi muzokaralar ham qayta tiklanishi lozim.
Izoh (0)