Sayohatchilarni o‘ziga chorlovchi dunyo ko‘chalari (foto)
Qishdan keyin keladigan bahor fasli kishini yangiliklarga chorlaydi. Sayohatlarni xush ko‘ruvchi har bir inson istaklaridan kelib chiqib, sayohat yo‘nalishini belgilaydi.
Travelask dunyoning eng chiroyli ko‘chalari bo‘ylab sayohatni taklif qiladi.
Madina, Shefshauen (Marokash)
Bu rang-barang shahar Marokashning shimoliy qismida joylashgan. Shefshauenda uy va ko‘chalarni och ko‘k rangdan to‘q kulrang, hatto binafsha ranggacha bo‘yash an’anasi Marokashga 1930-yillarda ko‘chib kelgan qochoq yahudiylar tufayli yuzaga kelgan. Eski shahardagi yahudiylar uchun muqaddas sanalgan rangga bo‘yalgan eshik, deraza va devorlar ularga osmon va Xudo haqida eslatib turadi.
Havodagi soyabonlar ko‘chasi, Ageda (Portugaliya)
Chiroyli joylashtirilgan soyabonlar ilk bor 2012-yilda paydo bo‘lgan. Installyatsiya har yili almashib turadi va unda yangi soyabonlar paydo bo‘ladi. Yorqin rangdagi o‘nlab soyabonlar ko‘chani bezab turish bilan birga quyosh nurlaridan ajoyib himoya vazifasini ham bajaradi.
Sehrli gilamlar ko‘chasi, La-Orotava (Tenerife)
Har yili iyun oyida Corpus Christi bayrami arafasida La-Orotava shaharchasi boshqarma binosi oldiga ulkan gilam yoziladi. U vulqon tuproqlaridan yaratilgan noyob kartinalardan iborat. Har bir kartinani yaratish uchun tuproqning 23 xil tusidan foydalaniladi. Bitta kartina o‘n kishi tomonidan 40 kun ichida yaratiladi. 2006-yilda shaharda maydoni 950 kvadrat metrdan iborat gilam yaratilib, rekord o‘rnatilgan.
Villa de Grasiya, Barselona (Ispaniya)
Avgust oyida Festa Major festivali boshlanishi bilan Barselona kvartallaridan biri yorqin karnavalga aylanadi. Mazkur bayramda ko‘chalar eng original va yorqin ko‘cha nomi uchun bir-biri bilan bellashadi. Har bir ko‘cha alohida mavzuga mos bezatiladi va uni bezatish bilan shug‘ullanuvchi aholi faqat ikkilamchi materiallardan foydalanadi.
Darz ketgan toshlar ko‘chasi, Ensxede (Gollandiya)
Roombeek — Ensxede shahri markazida joylashgan savdo ko‘chasi. Uning taqdiri bir vaqtning o‘zida ham fojiali ham ajoyibdir. 2000-yilda bu yerdagi mushak omborida portlash sodir bo‘lgan. Oqibatda 650 ta uy va ko‘chalar vayron bo‘lgan. Bir necha yildan so‘ng u to‘liq qayta tiklandi va yer osti jilg‘alari tashqariga olib chiqildi. Ularning yuzasidagi tosh bo‘laklari issiq kunlar kelishi bilan eriy boshlagan muz parchalarini eslatadi.
Santa-Katarina ko‘chasi, Portu (Portugaliya)
Azuleju — oq-ko‘k ranglardagi keramik plitalar Portugaliyada san’at turiga aylangan. “Az-zulayj” arabchada “toshcha” degan ma’noni anglatadi. Azuleju estetik funksiyadan tashqari foydali jihatlarga ham ega: ular qishda zahdan himoya qilsa, yozda salqinlikni saqlab turadi.
Litszyan eski shahri (Xitoy)
Litszyan qadimiy shahri ikki qism: eski va yangi shaharga bo‘linadi. Uning eski shahar qismi YuNESKOning Butunjahon merosi obyektlariga kiritilgan. Mahalliy aholining ta’kidlashicha, “Shahar suv tufayli, suv esa shahar tufayli mavjud”. Yuysyuanxe daryosi uchta tarmoqdan iborat bo‘lib, ular butun shahar bo‘ylab o‘tadi. Aynan shu tufayli bu yerda ajoyib ko‘prikcha va kanallar son-sanoqsiz.
Alberobello, Apuliya, Italiya
Bu shaharcha qorday oppoq trulli-uychalari bilan mashhur. Trulli o‘tkir uchli tomga ega bo‘lgan uylardir. Bu kabi qurilmalar dunyoning hech bir burchagida uchramaydi. Qurilmaning o‘ziga xos jihati bostirma toshlardir. Agar ular ajratib olinsa, uy toshlar uyumiga aylangan va aholini soliq to‘lashdan ozod qilgan.
Lombard-strit (San-Fransisko, AQSh)
Mazkur ko‘cha sayyohlarni San-Fransiskoga chorlovchi diqqatga sazovor joylardan biridir. Shahar aholisi Lombard-stritni faxr bilan “dunyoning eng egri ko‘chasi” deb ataydi. Uning kichikroq qismi Rus tepaligidan o‘tadi. Arxitektorlar qiyalik burchagini qisqartirish uchun uni sakkizta keskin burilish bilan “silliqladi”. Bu yerda harakatlanish tezligi soatiga sakkiz kilometrdan oshmasligi kerak.
Izoh (0)