2016-yilgi mavsumni Toshkentning “Lokomotiv” futbol klubi safida o‘tkazgan O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi Server Jeparov faoliyatini Eron klubida davom ettiradi.
Avvalroq “Istiqlol” klubi Jeparovni qo‘lga kiritish uchun 800 ming AQSh dollari to‘lashga tayyorligi haqida xabar chiqqandi. “Lokomotiv” O‘zbekiston terma jamoasining vitse-sardori faoliyatini Eron chempionatida davom ettirishini tasdiqlagan, biroq aynan qaysi klub ekaniga oydinlik kiritmagan. Tasdiqlangan xabarda 800 ming dollar haqida hech narsa deyilmagan.
O‘tgan mavsum davomida Server Jeparov “Lokomotiv” sharafini 34 ta uchrashuvda himoya qilgan bo‘lib, raqiblar darvozasiga 8 ta gol urishga muvaffaq bo‘lgandi. Jeparovning tashrifidan keyin “temiryo‘lchilar” o‘z tarixida ilk bor O‘zbekiston chempionligini qo‘lga kiritdi va Osiyo chempionlar ligasida chorak finalga qadar yetib bordi. Shuningdek, mamlakat kubogi ham “Lokomotiv”ga nasib qildi.
Jeparov avvalroq Janubiy Koreya va Saudiya Arabistoni chempionatlarida ham to‘p surgan. U “Seul” klubi bilan Key liga, “Ash-Shabab” bilan Saudiya chempionligini qo‘lga kiritgan. Toshkentning uch klubi — “Paxtakor”, “Bunyodkor” va “Lokomotiv” safida O‘zbekiston chempioni bo‘lishga erishgan.
Izoh (0)