Xitoyning iQiyi videoplatformasi anonim foydalanuvchisi Xunan provinsiyasida Amur yo‘lbarsi saqlanayotgan sharoitni aks ettirgan rolikni joyladi. Hayvon o‘rgatuvchilar yo‘lbarsni harakatlanish va boshini ko‘tarish imkonini bermaydigan tarzda bog‘lab qo‘ygan, deb yozadi TJournal.
Rolikda tashrif buyuruvchilar bolalari bilan yo‘lbarsning ustiga o‘tirib, suratga tushayotganligini ko‘rish mumkin.
“Yo‘lbarsni egarlash qanday ajoyib, siz bu orqali o‘zingizni shaytondan himoya qilib, uyingizga boylik olib kirasiz”, — deydi sirk xodimlaridan biri tashrif buyuruvchilarga. Xitoyda boylik xudosi ko‘pincha yo‘lbars ustida o‘tirgan erkak qiyofasida gavdalantiriladi.
Buyuk Britaniya hayvonlarni himoya qilish tashkiloti direktori Eliza Allenning so‘zlariga qaraganda, hayvon o‘rgatuvchilar yo‘lbarsni qo‘rqitib, ozodlikni asirlikka almashtirishga majbur qilgan. U, shuningdek, orqa planda qafasdagi ayiqni ham ko‘rganligi va uning aylana bo‘ylab yurayotganligi sirkdagi hayvonlarda tez-tez uchraydigan ruhiy jarohatdan darak berishini ta’kidladi.
Amur yo‘lbarsi rasman yo‘qolib ketayotgan hayvon deb topilgan. Yovvoyi tabiatda 540 ga yaqin Amur yo‘lbarsi bo‘lib, ulardan 40 tasi Xitoyga to‘g‘ri keladi.
Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’” (@toshqindaryo)ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.
Izoh (0)