Kaliforniyaning Kalaveras bog‘idagi tanasidan tunnel o‘yilgan eng keksa daraxtlardan birini to‘fon qulatib yubordi. Ming yillik daraxtning qulashi haqida Los Angeles Times ma’lum qildi, deb yozadi TJournal.
Balandligi 45 metrdan ortiq bo‘lgan daraxtdagi tunnel 137 yil ilgari o‘yilgan. Daraxt tanasidagi kichikroq xona o‘lchamlari bilan teng o‘yiq tufayli “Birinchi kulba” nomini olgan.
Bir muddat daraxtning diametri o‘n metrdan ortiq tanasi orqali avtomobillar ham o‘tgan. Biroq oxirgi yillarda tunnnel mashinalar harakati uchun yopildi, shunga qaramasdan daraxt bog‘ning eng diqqatga sazovor joyi sifatidagi maqomini saqlab qoldi.
Bog‘ rahbariyatining ma’lum qilishicha, o‘yilgan tunnel tufayli daraxt yaxshi oziqlana olmagan va yomon ahvolda bo‘lgan. Keksa daraxtning faqat bitta shoxi tirik. “Birinchi kulba”ning yoshi noma’lum, biroq mazkur bog‘da o‘suvchi ulkan daraxtlar aksariyatining yoshi 1000 yildan ortiqdir.
Yana bir tunnelli daraxt Kaliforniyaning “Sekvoyya” bog‘ida joylashgan bo‘lib, qulagan daraxtning tanasidan avtomobillar o‘tishi uchun tunnel o‘yilgan.
Kaliforniyada ana shunday tunnelli daraxtlardan yana birini uchratish mumkin. Avtomobillarning undagi tunnel orqali harakatlanishiga ruxsat berilgan keksa daraxtning balandligi 96 metrni tashkil etadi. U shoxlarining joylashuvi tufayli “Qandil” nomini olgan.
Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’” (@toshqindaryo)ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.
Izoh (0)