Eron milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Karlush Keyrush o‘z vazifasida davom etadi. Bu haqda O‘FF matbuot xizmati Eron futbol federatsiyasi prezidenti Mehdi Tajga asoslanib xabar berdi.
Keyrush Eron milliy terma jamoasi bilan Amirlik yig‘inida bo‘lib turganida “Persipolis” bosh murabbiyi Branko Ivankovich jamoaning 7 nafar futbolchisini Eronga chaqirib olgan, bu hol esa Keyrushga yoqmagandi. Oradan bir kun o‘tib mutaxassis Eron terma jamoasidan ketishi haqida aytib o‘tgandi.
Natijada EFF maxsus matbuot anjumani tashkil qilishga majbur bo‘ldi. Unda so‘z olgan tashkilot prezidenti Mehdi Taj Karlush Keyrushning mamlakat termasidagi muvaffaqiyatlari, xususan, Osiyo mamlakatlari orasida Eron bir necha yildan buyon FIFA reytingida yetakchilik qilayotganini ta’kidladi. Bundan tashqari, Osiyo Chempionlar Ligasida fors klublari uchun 4 ta kvotani saqlab qolish muhim ekani aytildi.
Matbuot anjumani davomida federatsiyasi rahbari terma jamoa va klublar o‘rtasidagi muammolar amaldagi reglamentga muvofiq o‘zaro hurmat orqali bartaraf etilishi kerakligini ta’kidladi, deb yozilgan O‘FF xabarida. Shundan keyin 63 yoshli portugaliyalik mutaxassis o‘z joyida qolishiga oydinlik kiritilgan.
Qayd etish joiz, Eron hamda O‘zbekiston o‘zaro kelishuviga ko‘ra, JCh—2018 saralashining 8-turi doirasidagi uchrashuvni 2017-yilning 13-iyun kunidan 12-iyun sanasiga ko‘chirgandi.
Mazkur guruhning 5-turidan keyin Eron 11 ochko bilan peshqadam bo‘lib turibdi. Janubiy Koreya hisobida 10, O‘zbekistonda esa 9 ochko jamg‘arilgan.
Izoh (0)