Toshkent harbiy okrugida harbiy xizmatchilar oilalari uchun ko‘p qavatli uy rekonstruksiya qilinib, foydalanishga topshirildi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari, mahalla faollari, yoshlar, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi. Tadbirni O‘zbekiston Respublikasi mudofaa vaziri o‘rinbosari M. Soliyev ochib berdi.
40 xonadonga mo‘ljallangan ushbu ko‘p qavatli turar joy binosining atrofi obodonlashtirildi. Bu yerda yashovchi oilalarning farzandlari uchun bunyod etilgan bolalar maydonchasiga turli o‘yin qurilmalari o‘rnatildi.
Yangi uy bilan ta’minlanganlar orasida mayor Murod Po‘latov ham bor.
“Uy to‘yiga kelgan qarindosh-urug‘ va yaqinlar bizni qo‘shaloq bayram bilan tabrikladi, — dedi u. — Yangi Yilni yangi uyda kutib olish barchamizning xursandchiligimizni ikki hissa oshirib yubordi. Bunday e’tibor va g‘amxo‘rlik biz, harbiylarni yurtimiz tinchligi, xalqimiz osoyishtaligi yo‘lida yanada mas’uliyat bilan xizmat qilishga undaydi”.
Tadbirda san’atkorlar tomonidan konsert dasturi namoyish etildi.
Izoh (0)