27-dekabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasida OAV orqali diniy-ma’rifiy mavzularni yoritishda faol ishtirok etgan ijodkorlarni taqdirlash bo‘yicha an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan “Sarhisob” tanlovining yakuniy bosqichi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “Daryo”ga tanlov tashkilotchilari ma’lum qildi.
“Sarhisob” tanlovi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Toshkent islom universiteti, Matbuot va axborot agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi hamkorligida tashkil etildi. Tadbirda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Ortiqbek Yusupov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov nutq so‘zladi.
Tadbirda televideniye, radio, matbuot va internet yo‘nalishlarida eng yaxshi deb topilgan ijodiy ishlarning mualliflari hamda sohada alohida namuna ko‘rsatgan targ‘ibotchilar maxsus diplom va tashkilotchilarning qimmatbaho sovg‘alari bilan mukofotlandi. Tinchlik va osoyishtalikni qadrlash mavzusidagi eng yaxshi ijodiy ish muallifi “Sarhisob”ning bosh mukofoti bilan taqdirlandi.
G‘oliblar tanlov tashkilotchilariga o‘z minnatdorliklarini izhor etib, ushbu yuksak baho ularni diniy-ma’rifiy sohadagi ijodiy ishlarini yanada faollashtirishga undashini ta’kidladi.
Tadbir doirasida O‘zbekiston musulmonlari idorasining “Movarounnahr”, Toshkent islom universiteti nashriyoti va “Hilol nashr” matbuot uylari tomonidan chop etilgan yangi nashrlar ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi.
Izoh (0)