27-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi plenumining majlisi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Majlisda “Jinoyat natijasida yetkazilgan mulkiy ziyonni qoplashga oid qonunchilikni qo‘llash bo‘yicha sud amaliyoti to‘g‘risida”, “Jinoyat ishlari bo‘yicha sud qarorlarini ijro etishga oid qonunlarni qo‘llash amaliyoti to‘g‘risida” va “Jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari ozod qilish va jazoni yengilrog‘i bilan almashtirish bo‘yicha sud amaliyoti to‘g‘risida”gi Oliy sud plenumi qarorlari loyihalari ko‘rib chiqildi.
“Jinoyat natijasida yetkazilgan mulkiy ziyonni qoplashga oid qonunchilikni qo‘llash bo‘yicha sud amaliyoti to‘g‘risida”gi qaror loyihasi amaldagi qonunchilikka kiritilgan ayrim o‘zgartirish va qo‘shimchalarga muvofiq ishlab chiqildi.
Aytish joizki, jinoyat natijasida yetkazilgan mulkiy ziyonni o‘z vaqtida qoplash fuqarolar va yuridik shaxslar, davlatning mulkiy huquq va manfaatlari himoyasini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bois qarorda surishtiruv, tergov organi va sudlarga jinoyat natijasida yetkazilgan mulkiy ziyonni qoplash asoslari va tartibiga oid qonunchilik talablariga og‘ishmay amal qilish yuzasidan tegishli tushuntirishlar berilgan.
“Jinoyat ishlari bo‘yicha sud qarorlarini ijro etishga oid qonunlarni qo‘llash amaliyoti to‘g‘risida”gi qaror loyihasida sudlarga zarurat tug‘ilganda, hukm chiqarish paytida yo‘l qo‘yilgan har qanday shubha va noaniqliklarni hukm mohiyatini o‘zgartirmagan va mahkumning ahvolini og‘irlashtirmagan holda hal etishga haqliligi xususida tushuntirishlar aks ettirildi.
Ayrim hollarda qonuniy kuchga kirgan sud qarorlarini ijro etish jarayonida hukm qilingan ayrim toifadagi shaxslarning hukmi ijrosini kechiktirish, kasalligi tufayli jazoni o‘tashdan ozod qilish, shartli jazoni bekor qilish, ozodlikni cheklash jazo turlarini boshqa jazo choralari bilan almashtirish kabi holatlar uchrab turadi. Bu kabi masalalarga doir materiallarni sudda ko‘rish tartibi va muddatlari to‘g‘risida ham qarorda tegishli tushuntirishlar berilgan.
Bundan tashqari, yig‘ilishda “Jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari ozod qilish va jazoni yengilrog‘i bilan almashtirish bo‘yicha sud amaliyoti to‘g‘risida”gi qaror loyihasi muhokama qilindi. Ushbu qarorning qabul qilinishi sudlar va jazoni ijro etish organlari uchun muhim ahamiyat kasb etadi. Chunki shu kunga qadar jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari ozod qilish va jazoni yengilrog‘i bilan almashtirish bilan bog‘liq iltimosnomalarni tartibga soluvchi me’yoriy-huquqiy hujjat mavjud emas edi. Shu bois ham sudyalar ushbu toifadagi ishlarni ko‘rishda muayyan muammolarga duch kelayotgan edi. Mazkur qaror loyihasining qabul qilinishi amaliyotdagi huquqiy bo‘shliqni to‘ldirib, bu borada yuzaga kelayotgan masalalarni hal etish imkonini yaratadi.
Jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari ozod qilish va jazoni yengilrog‘i bilan almashtirishga oid qonun talablarini aniq va og‘ishmay bajarish mahkumlarni qayta tarbiyalash, takroran jinoyatlar sodir etilishining oldini olish hamda insonparvarlik prinsipini amalda ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Yig‘ilishda “O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi plenumining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qaror loyihasi ham muhokama etildi.
Muhokama qilingan Plenum qarorlari loyihalari amaldagi qonun normalarini aniq va bir xilda qo‘llash orqali yagona sud amaliyotini shakllantirish, fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish, odil sudlov samaradorligini yanada oshirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Ko‘rib chiqilgan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.
Izoh (0)