Shveysariyaning Montryo shahrida 20-dekabr kuni Xalqaro havaskor boks assotsiatsiyasi (AIBA) Ijroqo‘mi va Kongressining navbatdan tashqari yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Tadbir davomida yangi islohotlar va Tokio–2020 o‘yinlari oldidan olimpiya sikli taqvimi tasdiqlandi, deb xabar bermoqda “Gazeta.uz”.
O‘zbekiston boks federatsiyasi nomidan yig‘ilishda tashkilot vitse-prezidenti, AIBA Ijroqo‘mi a’zosi, Osiyo boks federatsiyasi vitse-prezidenti Sherzod Toshmatov qatnashdi.
Yig‘ilish yakunida 2019-yilgi jahon chempionatini qo‘shma tarzda, ya’ni, erkaklar va ayollar o‘rtasida birgalikda o‘tkazishga qaror qilindi. Yangi islohot tijoriy imkoniyatlarni optimallashtirish hamda erkaklar va ayollar o‘rtasida jahon chempionatini o‘tkazishga imkoniyat yaradi.
2019-yilga qadar jahon birinchiliklari alohida o‘tkaziladi. Erkaklar o‘rtasidagi jahon chempionati 2017-yili Gamburg shahri (Germaniya)da, ayollarniki 2018-yili Xanti-Mansiysk shahri (Rossiya)da bo‘lib o‘tadi.
AIBA Ijroqo‘mi havaskor boksdagi hakamlik borasida ham yangi islohotlarni tasdiqladi. Hakamlar bellashuvga komissiya tomonidan emas, elektron tizim orqali tayinlanadi. G‘olibni aniqlash uchun esa barcha 5 nafar hakamning kartochkalari inobatga olinadi.
Bundan tashqari, nizom, AIBA texnik qoidalari va Olimpiya boksi (AOB) qoidalariga o‘zgartirishlar kiritildi. Endilikda faqatgina bokschilar, sekundant va hakamlar uchun muhim bo‘lgan hamda muxlislar uchun taqiqlangan Field of Play zonasi kichikroq bo‘ladi. Demak, muxlislar bellashuvni yaqinroqdan tomosha qila oladi.
Shuningdek, shu kunlarda 70 yilligini nishonlayotgan AIBA’ning a’zoligiga Hindiston, Malta va Sen-Marten kiritildi. Bundan tashqari, Guam, Angilya va Liviyaning tashkilotga a’zoligi tiklandi.
Qayd etish joiz, AIBA 2017-yilni Afrika yili, 2018-yilni esa Karib havzasi mamlakatlari yili deb e’lon qildi.
Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’”ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.
Izoh (0)