Argentina futboli afsonasi Diyego Maradona yugurish yo‘lakchasida 12 kilometr yugurishga muvaffaq bo‘ldi, deb xabar bermoqda “iSport.ua”.
56 yoshli sobiq futbolchi yugurish yo‘lakchasida yugurayotgani aks etgan videolavhani Facebook’dagi sahifasiga joyladi va unga “Kelayotgan bayramlar uchun shug‘ullanyapman” deya izoh berdi. Maradona, katta ehtimol bilan, Rojdestvo va Yangi yil bayramini nazarda tutgan.
Xabarda qayd etilishicha, Maradona 12 kilometr masofani 75 daqiqada bosib o‘tdi. Shu yo‘l orqali u o‘z muxlislariga yaxshi jismoniy holatda ekanini ko‘rsatib berishga uringan. Yugurish chog‘ida u qo‘shiq ostida raqsga ham tushgan.
Ma’lumot uchun, Diyego Maradona 1976–1997-yillar davomida professional futbolchilik bilan shug‘ullangan. Karyerasi mobaynida u “Boka Xuniors” (1976–81 va 1995–97-yillar), “Barselona” (1982–1984), “Napoli” (1984–1991), “Sevilya” (1992–1993) va “Nyuells Old Boyz” (1993–1994) klublarida to‘p surgan.
Maradona Argentina termasi safida 1986-yilgi jahon chempionati g‘olibi, 1990-yilgi jahon chempionatining kumush medal sovrindori bo‘lgan. Mamlakat termasi safida 91 o‘yinda maydonga tushgan hujumchi 34 ta golga mualliflik qilgan.
Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’”ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.
Izoh (0)