Xalqaro bobsley va skeleton federatsiyasi (IBSF) 2017-yilgi jahon chempionatini Sochidan boshqa shaharga ko‘chirishga qaror qildi. Meduza’ning yozishicha, musobaqa qayerda o‘tkazilishi keyinroq ma’lum qilinadi.
“IBSF Ijroiya qo‘mitasi hozirgi murakkab vaqtda musobaqani Rossiyada o‘tkazmaslik to‘g‘riroq bo‘ladi, degan qarorga keldi”, — deyiladi tashkilot axborotida.
IBSF vakillarining ma’lum qilishicha, musobaqalar “adolatli yo adolatsiz bo‘lishidan qat’i nazar, ayblovlar va muhokamalarga emas, balki sportga” bag‘ishlanishi lozim. Xabarda aynan qanday ayblovlar haqida so‘z borayotganiga aniqlik kiritilmagan.
IBSF’ning e’lonidan so‘ng Rossiya bobsley federatsiyasi (RBF) xalqaro tashkilotning bu qarorini “qabul qilishga” majburligi haqida bayonot bergan.
“Yuzaga kelgan vaziyatda IBSF sport hamjamiyatidagi ehtimoliy bo‘linish va musobaqaning ommaviy boykot qilinishi bilan yuzma-yuz kelib qoldi. Hamkasblarimiz yomon qarorlar ichra eng yaxshisini qabul qilishga majbur bo‘ldi va mazkur holatda bundan boshqa yechim yo‘q”, — deyiladi RBF axborotida.
Bobsley va skeleton bo‘yicha jahon chempionati 2017-yil fevralida Sochida bo‘lib o‘tishi lozim edi. Rossiyada sportchilarning doping qabul qilishi davlat darajasida qo‘llab-quvvatlanishi haqidagi xabarlar ortidan, dekabrda Latviya mazkur musobaqani boykot qilishini e’lon qildi. Bundan tashqari, Janubiy Koreya va Buyuk Britaniya vakillari ham musobaqada ishtirok etmaslik istagini bildirgan.
9-dekabr kuni kanadalik huquqshunos Richard Maklaren Jahon antidoping agentligi (WADA) iltimosiga ko‘ra tayyorlagan Rossiya sportida doping qabul qilish haqidagi hisobotning ikkinchi qismini taqdim etdi. Hisobotga ko‘ra, mingdan ortiq sportchi Rossiyada amalda bo‘lgan doping qabul qilish tizimidan u yoki bu ko‘rinishda foyda olgan. Dopingda qo‘lga tushgan sportchilarning ismi-shariflarini Maklaren sport federatsiyalariga yo‘llagan.
Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’” (@toshqindaryo)ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.
Izoh (0)