Skeleton bo‘yicha Latviya terma jamoasi 2017-yil fevral oyida Rossiyaning Sochi shahrida bo‘lib o‘tadigan jahon chempionatiga bormaydi, deb xabar bermoqda “Vedomosti”.
Butunjahon antidoping agentligi (WADA) mustaqil komissiyasining e’lon qilingan ikkinchi hisobotidan keyin Latviya termasi shunday qarorga keldi.
“WADA va Xalqaro olimpiya qo‘mitasi birinchi marta ‘toza bo‘lmagan’ sportchilar haqida ma’lum qilganidan buyon ko‘p vaqt o‘tdi. Skeletonchilar va ushbu sport turining bir qismi bo‘la turib, vaziyatni yaxshilash imkoni borligini sezyapmiz.
Xalqaro bobsley va skeleton federatsiyasi yangi axborotni o‘rganguniga qadar, biz qo‘limizdan kelgan ishni qilamiz. Biz boshqa trassalardagi jahon chempionatlarida ishtirok etamiz, ammo Sochidagi birinchilikka bormaymiz”, – deyiladi jamoa xabarida.
Avvalroq skeleton bo‘yicha amaldgi jahon chempioni Martins Dukurs va murabbiy Daynis Dukurs Rossiyadagi jahon chempionatini boykot qilishi mumkinligi aytilgandi. AQSh terma jamoasi a’zolari hamda britaniyalik Elizabet Yarnold ham Sochidagi JChga bormaslik haqida o‘ylayotgandi.
Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’”ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.