“Yoshlar haftaligi” doirasida talabalar teatr studiyalari festivali ishtirokchilari uchun Respublika kinochilar uyida “O‘zbekkino” Milliy agentligi qoshida tashkil etilgan “Kinoaktyor teatr studiyasi” tomonidan yozuvchi Yavdot Ilyosovning “Olachipor ajal” tarixiy romani asosida sahnalashtirilgan “To‘maris” spektaklining namoyishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “Daryo”ga “Kamolot” YoIH matbuot xizmati ma’lum qildi.
Sahna asarida To‘marisning sharafli hayot yo‘li, vatan ozodligi uchun mardonavor kurashi qiziqarli va ta’sirchan lavhalar, sahnaviy ko‘rinishlar yordamida aks ettirilgan. To‘marisning jasorati yosh avlodni vatanparvarlik, yurt taqdiriga daxldorlik ruhida kamol toptirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Spektaklda To‘maris obrazini iste’dodli san’atkor Elmira Rahimjonova yaratdi. Karim Mirhodiyev shoh Kiryovush, Farhod Xudoyberdiyev sotqin Frada, Nargiza Salmonova Fradaning qizi, Husan Rashidov Sparangiz rollarini mohirlik bilan ijro etdi. Spektaklni taniqli rejissor Sayfiddin Meliyev sahnalashtirdi.
Spektakl yakunida yoshlar tomonidan berilgan savollarga rejissor va aktyorlar atroflicha javob qaytardi.
Izoh (0)