Rossiya parashyutsozlik ilmiy-tadqiqot instituti 2023-yilga kelib yangi “Federatsiya” koinot kemasi tushiriluvchi qurilmasi uchun parashyut tizimi yaratishni yakuniga yetkazadi. Bu haqda korxona bosh direktori Dmitriy Tretyakov ma’lum qildi, deya xabar beradi “TASS”.
“Roskosmos buyurtmasiga asosan ‘Energiya’ raketa-koinot korporatsiyasi katta hajmdagi ishlarni amalga oshiradigan kemani ishlab chiqmoqda. Ular uchun o‘tgan yili loyiha tayyorlab berdik, bu yil esa shartnoma imzolanadi — 2023-yilgacha o‘zimizning yo‘nalishdagi ishlar ko‘zda tutilgan”, — deya ta’kidladi bosh direktor.
Tretyakovga ko‘ra, “Federatsiya” kemasi uchun turli bosqichlariga mo‘ljallangan 40 ta tajriba parashyut tizimi tayyorlab berilishi rejalashtirilmoqda.
Ma’lumot uchun, “Federatsiya” kemasining uchuvchisiz ilk parvozi 2021-yil, boshqariladigan parvozi esa 2023-yilga mo‘ljallangan.
Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’”ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.