“Championat.asia” nashrining “Sports.kz”ga asoslanib xabar berishicha, Professional futbolchilar xalqaro federatsiyasi (FIFPro) qaysi mamlakatda futbolchilarga o‘yinlarda kelishish ko‘proq taklif etilishini aniqlashga urinib ko‘rgan.
Unga ko‘ra, Qozog‘iston reytingning uchinchi pog‘onasidan joy oldi. Hisobot tayyorlovchilar mamlakatda to‘p surgan futbolchilarning 25,3 foiziga kelishish taklif etilganini aniqlagan.
Bu borada Kongo 31,3 foizlik ko‘rsatkich bilan ikkinchi bo‘lgan. Kelishilgan o‘yinlarda ishtirok etish taklifi eng ko‘p Gruziyada beriladi. Mahalliy futbolchilarning 34,2 foizi buni qayd etib o‘tgan.
Eng halol o‘yinlar esa Ruminiyada o‘tishi aniqlandi. Mahalliy futbolchilar ularga hech qachon kelishilgan o‘yinlarda ishtirok etish taklifi bo‘lmagani haqida aytib o‘tgan.
Hisobot tayyorlovchilar ma’lumotlarning aniq ekaniga kafolat bermagan. Ularning fikricha, ba’zi futbolchilar haqiqatni aytmagan bo‘lishi mumkin.
Bu borada O‘zbekiston nechinchi o‘rinda turishi yoki umuman ro‘yxatda bor-yo‘qligi ko‘rsatib o‘tilmagan.