Avstraliyalik Lyuk Mur mahalliy bankning kompyuter xatoligi tufayli 2,1 million dollarni qo‘lga kiritdi. Keyingi ikki yil davomida u pullarni qimmatbaho avtomobillar, sovg‘alar va sayohatlar uchun sarfladi. Biroq tez orada firibgarlik uchun qamoq jazosiga hukm qilindi, deb yozadi TJournal.
2010-yilning martida Lyuk Mur Avstraliyaning St.George Bank bankining ma’muriy xatoligi tufayli 2,1 million Avstraliya dollarini qo‘lga kiritdi. U xatolik haqida ma’lum qilmasdan, pullarni boshqa banklardagi bir nechta hisoblariga ko‘chirdi.
Natijada Mur ikki million dollarga yaqin mablag‘ni naqdlashtirib oldi va ularni Maserati, Aston Martin va Alfa Romeo avtomobillari, shaxsiy kater, Maykl Jeksonning imzosi qo‘yilgan plastinka, Kayli Minoug avtografi qo‘yilgan surat, rassom Pro Xartning kartinalaridan birini xarid qilish uchun sarfladi.
Bank xatoligi haqida ma’lum bo‘lgach, 2015-yilda Murga nisbatan firibgarlik aybi bo‘yicha yetti yillik qamoq jazosi tayinlandi.
2016-yilning dekabr oyi boshida sud hukmni bekor qildi. Mur Daily Telegraph nashriga bergan intervyusida millioner bo‘lib yashagan hayotidan ko‘ngli to‘lmaganligini ma’lum qildi.
29 yoshli Mur millionerning hayoti unchalik ham jozibali ko‘rinmaganligini ma’lum qildi. Murning so‘zlariga qaraganda, u bunday jinoyatni qayta sodir etmagan bo‘lardi, chunki u oila va do‘stlari hayotidagi asosiy boyliklari ekanligini tushunib yetgan.
Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’”ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.
Izoh (0)