AQShning Apple korporatsiyasi Kaliforniya shtati hukumatiga atrof muhitni ifloslantirish bilan bog‘liq ayblovlarni bekor qilish uchun 450 ming dollar tovon puli to‘laydi. Bu haqda “Kommersant.ru” xabar bermoqda.
Aytilishicha, Apple 2011–2012-yillarda Kupertino shahrida elektron uskunalar utilizatsiyasi korxonasining operatori bo‘lgan. Keyinchalik obyekt Sanniveyl shahriga ko‘chirilib, 2013-yili butunlay yopilgan. Kupertino va Sanniveyl shaharlarida million tonna turli-tuman elektron uskunalar, jumladan, batareyalar qayta ishlangan. Ammo buning oqibatida atrofga og‘ir chiqindilar, masalan, metall changlari tarqalgan.
Rasmiylar o‘z vaqtida yo‘l qo‘yilgan xatolardan ogohlantirilmagan. Bundan tashqari, Apple qayta ishlash korxonasining ko‘chirilishi borasida ham hukumatni xabardor qilmagan.
Kompaniya ko‘rsatilgan summani to‘lashga rozi bo‘ldi, bundan tashqari, qo‘shimcha xavfsizlik choralarini ko‘rishga va’da berdi. Buning evaziga shtat hokimiyati o‘z e’tirozlarini suddan qaytarib oladi.
Izoh (0)