O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligi uchun saylovda ishtirok etgan saylovchi Dilshod Sharipov unga oilaviy ovoz berish imkoniyati taqdim etilmaganidan “nolidi”. U saylov haqidagi fikrini Facebook sahifasida yozib qoldirgan.
“Men bugun erta tongdan O‘zbekiston Prezidenti saylovida ishtirok etish uchun Toshkent viloyati, Zangiota tumanidagi 39-maktabda joylashgan 641-saylov uchastkasiga ayolim va 1 yoshli o‘g‘lim bilan birga chiqdik”, — deb so‘z boshlagan Sharipov. Uning qolgan fikrlari bilan quyida tanishish mumkin.
Avvalgi saylovlardan farqli ravishda bu saylovda “oilaviy ovoz berishlar”ga yo‘l qo‘yilmasligi haqida brifinglar, seminarlar bo‘lib o‘tdi, televizor orqali ko‘plab roliklar namoyish etildi. “Oilaviy ovoz berishlar”ga chindan ham yo‘l qo‘yilmayotganligini tekshirish uchun o‘zimning pasportim va taklifnomamga qo‘shib ota-onamning ham saylovga taklifnomasi va pasportlarini olgandim.
Ko‘chaga chiqishimiz bilan avtobus kelib qoldi va saylov uchastkasigacha bo‘lgan bir bekatni bepul avtobusda bosib o‘tdik :)
641-saylov uchastkasiga kelib, saylov byulletenimni olayotganimda saylov uchastkasi xodimasiga o‘z pasportim bilan birga ota-onamning ham shaxsni tasdiqlovchi hujjatlarini taqdim etdim. Ammo saylov uchastkasi xodimasi ota-onamning o‘zi saylov uchastkasiga kelib ovoz berishi lozimligi, hech kim boshqa birov uchun ovoz berishi mumkin emasligini aytdi. Men biz har doim oilaviy ovoz berganimizni aytib, undan ota-onamning ham saylov byulletenlarini olishga urindim. Ammo saylov uchastkasi xodimasi “Bu safar unday bo‘lmaydi”, deb javob berdi va faqat meni o‘zim uchun saylov byulletenini taqdim etdi.
Men ovoz bergunimga qadar xotinim va o‘g‘lim “Ona va bolalar” xonasida o‘tirib turishi mumkinmi deb so‘ragandim, saylov uchastkasi xodimasi iltifot bilan “Ona va bolalar” xonasini ko‘rsatib qo‘ydi.
Ayolim boshqa saylov uchastkasida ovoz berishi tufayli u va o‘g‘lim meni “Ona va bolalar” xonasida kutib turishdi. Ayolim u xonada 2—3 daqiqa davomida bo‘ldi va yaratilgan sharoitdan qoniqish hosil qildi.
O‘zim munosib deb topgan nomzodga ovoz berganimdan so‘ng 641-saylov uchastkasini tark etishdan oldin biz yashaydigan hududga saylov byulletenlarini beruvchi xodimaning oldiga qaytib bordim, menga “oilaviy ovoz berish”ga yo‘l qo‘ymaganligi uchun unga minnatdorlik bildirdim.
Bu saylov avvalgilaridan boshqacharoq o‘tayotganiga ishonch hosil qilib, saylov uchastkasini mamnuniyat bilan tark etdim.
Izoh (0)