AQSh Mudofaa vaziri Eshton Karter deyarli ikki haftalik chet el safariga yo‘l oladi. Safar doirasida, jumladan, Yevropa va Yaqin Sharqqa tashrif buyuradi. Bu haqda 1-dekabr, payshanba kuni Pentagon matbuot xizmati ma’lum qildi, deb yozadi “TASS”.
Karterning turnesi 16-dekabr kuni yakunlanadi. Bu vaqt ichida harbiy boshqarma rahbari Yaponiya, Hindiston, Bahrayn, Isroil, Italiya va Buyuk Britaniyaga tashrif buyuradi.
Pentagonning ma’lum qilishicha, Karter Tokiodagi uchrashuvda Amerika—Yaponiya alyansining uzoq muddatli mustahkamligiga urg‘u beradi. Karter Hindistonga tashrifi mudofaa, xavfsizlik va harbiy-texnik hamkorlikni kengaytirish sohasidagi ikki tomonlama aloqalar rivojining hozirgi sur’atlarini saqlab qolish imkonini berishiga umid qilmoqda.
Manamada vazir xavfsizlik masalalari bo‘yicha xalqaro konferensiyada chiqish qiladi. Isroilda esa beshinchi avlod F-35 qiruvchi samolyotlarining ilk yetkazib berilishi tantanali marosimida ishtirok etadi.
Italiyada Karter u yerda joylashtirilgan AQSh qo‘shinlari oldida chiqish qiladi. Va nihoyat, Londonda Karter va uning britaniyalik hamkasbi Maykl Fellon IShID terrorchilik guruhiga qarshi kurash olib borayotgan bir qator davlatlar vazirlari majlisiga hamraislik qiladi.
IShID ekstremistik guruhi jahonning bir qator mamlakatlari va xalqaro tashkilotlar tomonidan “terrorchilik tashkiloti” deb topilgan.
Izoh (0)