“Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Prezidentligiga nomzod Narimon Umarovning ishonchli vakili S. Mansurova Konimex tumani saylovchilari bilan uchrashdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Ishonchli vakil yig‘ilganlarni Prezidentlikka nomzodning tarjimai holi va saylovoldi dasturi bilan tanishtirdi.
Dasturda huquqiy demokratik davlat va adolatli jamiyat qurish borasidagi konstitutsiyaviy normalarni hayotga tizimli va keng joriy etishga ustuvor vazifa sifatida alohida e’tibor qaratilgan. Bunda ijtimoiy adolat va birdamlik tamoyillari hukm suradigan, aholining daromadi bo‘yicha keskin tabaqalanishiga yo‘l qo‘yilmaydigan, fuqarolarning kuchli ijtimoiy himoyasini ta’minlashga yo‘naltirilgan demokratik ijtimoiy davlat va adolatli fuqarolik jamiyati qurish g‘oyasiga tayaniladi.
Jamiyatda huquqiy madaniyatni shakllantirish va rivojlantirish, mamlakatda huquqiy ta’lim va bilim targ‘ibotini tubdan yaxshilash, qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarni ijrochilarga yetkazish, aholini qabul qilinayotgan qonunlar mazmun-mohiyatidan keng xabardor etib borishga yo‘naltirilgan maqsadli chora-tadbirlarni qo‘llab-quvvatlash, iqtisodiy sohada muqobil energiya manbalaridan samarali foydalanish, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, “yashil iqtisod”ga o‘tishda davlat tomonidan rag‘batlantirishni kuchaytirish va ekologik toza mahsulot ishlab chiqarishni rivojlantirish g‘oyalari ilgari surilgan.
Uchrashuvda partiyaning Konimex tumani kengashi raisi X. Jonxo‘jayev, 12-umumta’lim maktabi direktori X. Nasharova va boshqalar nomzodning dasturi haqida fikr bildirdi.
Ishonchli vakil saylovchilarni qiziqtirgan savollariga javob qaytardi.
Izoh (0)