Qisqa vaqt ichida mehmonlar kelishi kutilayotgan, ularga biror “jiddiy” taom tayyorlash uchun vaqt yetarli bo‘lmagan vaziyatlar barchamizga tanish. Bunday paytda tez tayyor bo‘ladigan gazaklar yordamga keladi. Ular 5—10 daqiqada tayyor bo‘lishi bilan birga sizga cheksiz maqtovlar olib kelishi ehtimoli juda ham yuqori!
“Oq tasma” salati
Kerakli masalliqlar
- salat barglari;
- zaytun mevasi;
- pomidor;
- qo‘ziqorin;
- ko‘k no‘xat;
- qaynatilgan tuxum;
- pishloq;
- qaynatilgan tovuq go‘shti;
- qalampir;
- makkajo‘xori.
Tayyorlanishi
Salat tayyorlashning eng asosiy jihati — uni shisha idishlarga chiroyli va turli-tuman qatlamlar shaklida joylashdadir. Barcha masalliqlarni to‘g‘rab yoki qo‘lda maydalab, och va yorqin rangli mahsulotlarni navbatma-navbat, orasiga mayonez surib joylaymiz. Agar mayonez ta’bingizga mos kelmasa, o‘rniga tabiiy yogurtdan foydalansangiz ham bo‘ladi.Qiyma solingan pomidor
Zarur mahsulotlar
- 4 ta yirik yoki yarim kilo cherri pomidori;
- 1 banka treska balig‘i jigari konservasi;
- 200 gramm tvorog;
- ko‘kat va tuz.
Tayyorlanishi
Konserva idishdagi yog‘ni to‘kib, undagi jigarni tvorog va ko‘kat bilan birga ezib, aralashtiramiz. Pomidorlarning ustki qismini kesib olib, ichidagi etini olamiz va unga qiymadan solamiz. Uning yuqori qismini ta’bga ko‘ra makkajo‘xori donalari yoki zaytun mevasi bilan bezatish mumkin.Uyda konserva bo‘lmagan hollarda pomidorni faqat tvorog va maydalangan sarimsoqli qiyma bilan ham tayyorlash mumkin. Ular yanada mayin bo‘lishi uchun biroz tabiiy yogurt qo‘shish mumkin.