Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev 24-noyabr kuni Toshkent shahri saylovchilari bilan uchrashdi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Uchrashuvni nomzodning ishonchli vakili A. Hojiboyev ochdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev o‘z saylovoldi dasturi yuzasidan ma’ruza qildi.
Nomzodning dasturida mamlakatda barcha sohalarda olib borilayotgan keng ko‘lamli iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy islohotlarni yangi bosqichga ko‘tarishning ustuvor yo‘nalishlari belgilab berilgan. Sanoatni diversifikatsiya va modernizatsiya qilish hisobidan iqtisodiyotning raqobatbardoshligini oshirish, davlat va jamiyat boshqaruvi tizimini takomillashtirish, mamlakat iqtisodiy qudratini mustahkamlash va jahon bozoridagi raqobatbardoshligini oshirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikka yanada keng erkinlik berish, mahalliy budjetlar daromadini ko‘paytirish kabi masalalarga alohida e’tibor qaratilgan.
Aholi bandligini ta’minlash, birinchi navbatda, kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarini ishga joylashtirish, ijtimoiy sohani rivojlantirish, sud-huquq tizimini isloh etish, xorijiy davlatlar bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlash kabi muhim masalalar qamrab olingan.
Uchrashuvda iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar Toshkent salohiyatini yuksaltirish, aholi hayot farovonligini muttasil oshirishda asosiy omil bo‘layotgani ta’kidlandi. Poytaxtda tibbiy va kommunal, transport xizmatlari ko‘rsatish tizimini takomillashtirish, aholining madaniy dam olishi uchun keng sharoitlar yaratish, aholini shinam va arzon uy-joylar bilan ta’minlashga alohida e’tibor qaratilayotgani qayd etildi.
Uchrashuv videokonferensiya shaklida o‘tkazildi. Toshkentning barcha tumanlaridan saylovchilar nomzodning dasturi yuzasidan o‘z fikrlarini bildirdi.
Mehnat faxriysi T. Daminov, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist G. Melnikova, Olmazor tumanidagi “Guzarboshi” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi T. Ergashev, Qozoq milliy madaniyat markazi faoli R. Qo‘shirboyev, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati E. Shukurov, FIFA referisi R. Ermatov, Mirzo Ulug‘bek tumanidagi “Katta Qorasuv” mahalla fuqarolar yig‘inining diniy ma’rifat va ma’naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi N. Jabborova, Olmazor tumanidagi “Achaobod” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi X. Hikmatov, Toshkent shahar “Kamalak” bolalar tashkiloti raisi B. Mirzayev va boshqalar mamlakatda amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar poytaxt shahar misolida yaqqol ifodasini topayotganini ta’kidladi. Prezident sayloviga tayyorgarlik milliy qonunchilik va xalqaro demokratik tamoyillarga to‘la mos ravishda o‘tayotganini qayd etdi. Saylovchilarni 4-dekabr kuni bo‘ladigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida faol ishtirok etishga chaqirdi.
Izoh (0)