Qishning sovuq kunlarida gripp va o‘tkir respirator infeksiyali kasalliklar bilan xastalanish birmuncha oshadi. O‘zbekiston aholisi o‘rtasida ham mavsumiy gripp bilan kasallanish uchrab turibdi. Bunday bemorlarga o‘z vaqtida samarali tibbiy yordam ko‘rsatish barobarida ushbu kasallik tarqalib ketishining oldini olish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda, deb yozadi O‘zA.
O‘zA muxbirining O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligiga qarashli Respublika gripp milliy markazi rahbari, tibbiyot fanlari doktori Ravshan Rahimov bilan suhbati shu mavzuga bag‘ishlandi.
– Gripp yuqumli virusli kasallik bo‘lib, ob-havoning o‘zgarishi bilan qo‘zg‘alish va tez tarqalish xususiyatiga ega. Hozirgi kunda grippning mavsumiy A va B turlari uchramoqda.
Odamlar orasida gripp va boshqa o‘tkir yuqumli kasalliklar viruslari sovuq havoda halok bo‘ladi, degan gap yuradi. Bu noto‘g‘ri tushuncha. Gripp virusi sovuqqa ancha chidamlidir. Uning asosan havo tomchi yo‘li bilan yuqishi tarqalish xavfini yanada oshiradi. Bu kasallik immuniteti past, surunkali xastaligi bor bemorlar, keksa yoshdagilar, homilador ayollar va bolalarda og‘irroq kechishi mumkin. Shu bois bunday xastalik o‘z vaqtida aniqlanib davolansa, grippdan keyingi asoratlarning oldini olgan bo‘lamiz.
Shu maqsadda tibbiyot, ta’lim, maktabgacha ta’lim muassasalarida keng qamrovli profilaktika ishlari amalga oshirilmoqda. Grippga qarshi emlash tadbirlari belgilangan reja asosida o‘tkazilmoqda. Maktabgacha ta’lim muassasalari, maktab, kollej va litseylarda ertalabki tibbiy tahlil olib borilgani, gripp alomatlari aniqlanganlarga shu yerning o‘zida birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish ishlari yo‘lga qo‘yilgani o‘zining ijobiy samarasini bermoqda.
Gripp bilan xastalangan bemorlarga zudlik bilan tibbiy yordam ko‘rsatish uchun barcha shifoxonalarda qo‘shimcha o‘rinlar va dori-darmon zaxiralari yaratilgan. Emlash har qanday yuqumli kasallikka qarshi kurashning eng samarali usulidir. Bu jarayondagi tizimli ishlar natijasida Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari, keksalar, tibbiyot xodimlari budjet mablag‘lari hisobidan grippga qarshi emlandi.
Respirator kasallik belgilari va harorat ko‘tarilishi kuzatilganda zudlik bilan hududdagi oilaviy poliklinika yoki qishloq vrachlik punktiga qo‘ng‘iroq qilib, shifokorni uyga chaqirish tavsiya etiladi. Bugungi kunda barcha birlamchi tibbiyot maskanlarida faoliyat yuritayotgan umumiy amaliyot shifokorlari bunday bemorga birlamchi yordam ko‘rsatish borasida yetarli bilim va malakaga ega.
Yaratilgan ana shunday zamonaviy sharoitlardan oqilona foydalanish o‘rniga ba’zi insonlar gripp bilan kasallanganda o‘z bilganicha turli preparatlar, ayniqsa, antibiotik dorilar ichishga odatlangan. Bu mutlaqo noto‘g‘ri. Antibiotik dorilar yoki paratsetamol va boshqa preparatlar gripp virusiga ta’sir o‘tkazolmaydi. Ularni ichgach, bemorning harorati tushib, ahvoli biroz o‘nglanishi mumkin. Ammo organizmda virus ko‘payishi davom etaveradi. Bu jarayon qancha cho‘zilsa, inson organizmida shunchalik og‘ir asorat qoldiradi. Xususan, nafas yo‘llari, o‘pka, asab tizimlari, yurak, buyrak kabi a’zolarga ziyon yetadi. Bu xastalik shifokor nazorati ostida virusga qarshi preparatlar yordamida davolansagina yaxshi samara beradi.
Izoh (0)