Shu kunlarda mamlakatimiz siyosiy hayotidagi muhim voqea — O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga qizg‘in hozirlik ko‘rilmoqda. Mustaqillikka erishilgach, yurtimizda demokratik saylovlar tizimini shakllantirishga alohida e’tibor qaratildi. O‘tgan yillar davomida bu borada bir qator muhim qonunlar qabul qilindi.
Mazkur qonunlarda saylov mohiyati, saylash va saylanish huquqi, saylovlarni tashkil etish va o‘tkazish, saylov komissiyalarining huquq va vakolatlari, ovoz berish tartibi hamda uning natijalarini aniqlash, fuqarolarning saylovlardagi ishtiroki, saylov huquqining kafolatlari, saylovlarni moliyalashtirish va boshqa shu kabi o‘ta muhim masalalarni huquqiy tartibga soluvchi qoidalar belgilab berilgan.
Saylov to‘g‘risidagi qonunchilik muntazam ravishda takomillashib borayotganligi fuqarolar saylov huquqlarining kafolatlarini yanada mustahkamlashga, saylovni tashkil etish va o‘tkazish milliy amaliyotini yaxshilash, siyosiy partiyalarning saylovlarda munosib tarzda ishtirok etishi uchun barcha imkoniyat va sharoitlarni yaratib berishga qaratilgan.
Saylovlarning ochiqlik va oshkoralik, haqqoniylik prinsiplari asosida, shuningdek, adolat mezonlariga rioya etilgan holda o‘tishini ta’minlash har qaysi demokratik davlat uchun prinsipial masala hisoblanadi. Ta’bir joiz bo‘lsa, mamlakatning kelajagi va ravnaqi aynan shu jihatlarga, ya’ni davlat boshqaruvi va hokimiyatiga munosib nomzodlarning saylanishiga chambarchas bog‘liq.
Shu o‘rinda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarga qo‘yiladigan talablar to‘g‘risida to‘xtalib o‘tsak. Sir emaski, O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov o‘zining rahbarlik salohiyati va tajribasi, keng tafakkuri va dunyoqarashi bilan keyingi izdoshlari uchun marrani baland qilib belgilagan edi. Xohlaymizmi, yo‘qmi, fuqarolarimiz saylovda muayyan nomzodga ovoz berar ekan, uni, avvalo, Birinchi Prezidentimiz bilan solishtiradi. O‘z navbatida, ta’kidlash kerakki, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga binoan, prezidentlikka nomzodlarni ko‘rsatish huquqiga ega bo‘lgan siyosiy partiyalarga nomzodlarni ko‘rsatish bo‘yicha nihoyatda mas’uliyatli vazifa yuklatilgan. Tajribaning ko‘rsatishicha, odatda prezidentlikka nomzod sifatida xalq orasida yaxshi tanilgan, mamlakat taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shgan, jamiyatda yuqori obro‘ va e’tiborga ega insonlar ko‘rsatiladi.
Xalqaro huquq standartlariga asosan, prezidentlikka nomzodning huquqlari, agarda davlatning qonunlarida ushbu normalar keltirilgan bo‘lsa, ma’lum miqdorda cheklanishi mumkin. Misol uchun, 1990-yil 29-iyundagi Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining (YeXHT) insoniylik mezonlari bo‘yicha konferensiyasi Kopengagen Kengashining hujjati 24-bandida, agarda nomzodlar uchun cheklovlar, davlat qonunchiligida ko‘zda tutilgan bo‘lsa, hamda ushbu cheklovlar mazkur qonunlarning maqsad va vazifalariga xizmat qilsa amalga kiritilishi mumkinligi yozilgan. Shuningdek, Birlashgan millatlar tashkiloti Inson huquqlari bo‘yicha qo‘mitasining 1996-yilgi 25-sonli “Umumiy tartibdagi ko‘rsatmalar”i 15-bandida “Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risida”gi xalqaro Pakti 25-moddasida va Birlashgan millatlar tashkilotining “Nogironlar huquqlari bo‘yicha Konvensiyasi” 29-moddalarida ham demokratik jamiyatlar qonunchiligida ma’lum maqsadlarni ko‘zlovchi cheklovlarga yo‘l qo‘yilishi mumkinligi ko‘rsatilgan. Aytish kerakki, nomzodlarga qo‘yilishi mumkin bo‘lgan cheklovlarning aniq ro‘yxati biror bir halqaro hujjatlarda keltirilmagan. Shunday bo‘lsada, Yevropa Venetsiya komissiyasining (Demokratiyaga huquq orqali Yevropa komissiyasi) 2002-yilgi Yaxshi amaliyot Kodeksining I.1 bandida nomzodlarning yoshi, fuqaroligi va yashash joyi bo‘yicha bir qator tavsiyalar keltirilgan.
Jahondagi turli mamlakatlarining konstitutsion amaliyotida prezidentlikka nomzodlar uchun quyidagi saylov cheklovlari mavjud: yoshi, fuqaroligi, jinsi, davlatda doimiy yashayotganlik muddati, ma’lumoti, savodliligi bo‘yicha va boshqalar. Milliy qonunchiligimizda ham O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga munosib nomzodlarni ro‘yxatga olishda ayrim cheklovlar ko‘zda tutilgan.
Jumladan, Konstitutsiyaning 90-moddasi va “Prezident saylovi to‘g‘risida”gi qonunning 1-moddasiga asosan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga o‘ttiz besh yoshdan kichik bo‘lmagan, davlat tilini yaxshi biladigan, saylovgacha kamida 10 yil O‘zbekiston hududida muqim yashayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi saylanishi mumkin.
Shunga o‘xshash normalar deyarli barcha demokratik davlatlarning qonunchiligida uchraydi. Misol uchun, yosh bo‘yicha cheklov AQSh, Rossiya, Qirg‘izistonda biznikidek 35 yosh bo‘lsa, Italiya va Fransiyada 50 yoshni tashkil etadi. Bunday cheklov yetarli hayotiy tajribasi bor, mamlakat va dunyoda bo‘layotgan voqealarga real baho bera oladigan nomzodni saylash imkonini beradi. Nomzodning muayyan davlat hududida doimiy yashab kelishiga doir cheklov ham deyarli barcha mamlakatlarda mavjud. Aytaylik, AQShda bu muddat 14, Qozog‘istonda 15, Rossiyada esa 10 yildan kam bo‘lmasligi kerak. O‘z-o‘zidan ayonki, prezidentlikka nomzodini qo‘ygan shaxs oxirgi yillar mobaynida mamlakatda muqim yashamay, uning siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy hayotida qatnashmay turib davlatni boshqara olmaydi.
Fuqarolik bo‘yicha cheklov AQSh, Bolgariya, Gretsiya, Finlyandiya, Qozog‘iston, Meksika, Mo‘g‘uliston va boshqa davlatlar tajribasida uchraydi. Davlat tilini yaxshi bilish talabi Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston amaliyotida mavjud. Faqat O‘zbekistonda nomzodning davlat tilini yaxshi bilishiga siyosiy partiyalar tomonidan nomzodni ko‘rsatish jarayonida, keyinchalik Markaziy saylov komissiyasi tomonidan nomzodning respublika ommaviy axborot vositalarida chiqishiga qarab va nihoyat saylov oldi targ‘ibot jarayonida bevosita saylovchilar tomonidan baho beriladi. Ammo prezidentlikka nomzodning o‘zbek tilidan boshqa tillarni mukammal bilishi, ularda erkin so‘zlasha olishiga qonunchiligimizda qat’iy talab qo‘yilmagan. Lekin u davlat tilini bilmasligi mumkin emas. Chunki mazkur holat nomzodning saylovoldi uchrashuvlarini o‘tkazish (ayniqsa qishloq joylarda) hamda aholi bilan muloqot qilishiga to‘sqinlik qilib, kelgusi ish faoliyatiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatishi aniq.
“Prezident saylovi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining 24-moddasiga asosan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodni ko‘rsatish huquqiga faqat siyosiy partiyalar ega. Siyosiy partiya O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga o‘z partiyasi a’zolari orasidan yoki partiyasiz shaxsni nomzod etib ko‘rsatishi mumkin.
Mustaqillikning ilk davrida yurtimizda prezidentlikka nomzodni ko‘rsatish huquqiga siyosiy partiyalar bilan bir qatorda hokimiyat vakillik organlari (tashabbuskor guruhlar) ham ega edi. O‘sha paytda bunday holat asosli bo‘lgan. Sababi siyosiy partiyalarning mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotiga ta’sir doirasi endi shakllanayotgan edi. Boz ustiga, siyosiy partiyalar o‘z faoliyatini yetarli darajada targ‘ib etmas, fuqarolar esa prezidentlikka nomzodni ko‘rsatgan siyosiy partiyaga emas, balki ko‘proq nomzodning shaxsiga e’tibor qaratardi.
Keyinchalik mamlakatimizda ko‘ppartiyaviylik tizimi rivojlanib, jamiyat hayoti va davlat boshqaruvida siyosiy partiyalarning roli oshgani sari yuqoridagi norma o‘z ahamiyatini yo‘qotdi va tegishli tartibda bekor qilindi. Hozir O‘zbekistonda prezidentlikka nomzodlarning faqat siyosiy partiyalar tomonidan ko‘rsatilayotgani ularning saylovdagi rolini oshirish barobarida, katta mas’uliyat ham yuklaydi. Qolaversa, siyosiy partiyalarning imkoniyatlarini kengaytiradi va partiyalararo raqobatni kuchaytiradi. Bu esa demokratik saylovlarning xalqaro mezonlar hamda dunyoning yetakchi davlatlari tajribasiga mos o‘tishiga xizmat qiladi.
Eslatib o‘tamiz, yurtimizda har bir fuqaro hatto, partiyasiz bo‘la turib ham siyosiy partiyalar orqali O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiligiga nomzod etib ko‘rsatilish huquqiga ega. Bu esa 1990-yil 29-iyundagi Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining insoniylik mezonlari bo‘yicha konferensiyasi Kopengagen Kengashining hujjati 7.5-bandi talablari bajarilganligini, ya’ni fuqarolarning shaxsiy sifatlariga qarab siyosiy tuzilma yoki davlat rahbarligi lavozimlariga ega bo‘lish huquqi kafolatlanganligini bildiradi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarga qo‘yilgan yana bir qancha talablar “Prezident saylovi to‘g‘risida”gi qonunining 25-moddasida keltiriladi. Jumladan, qasddan sodir etilgan jinoyati uchun ilgari sudlangan fuqarolar, o‘zlariga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilganligi munosabati bilan qonun tomonidan ta’qib etilayotgan fuqarolar, diniy tashkilotlar va birlashmalarning professional xizmatchilari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod etib ro‘yxatga olinmaydi. Qasddan sodir etilgan jinoyati uchun ilgari sudlangan yoki o‘ziga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgani munosabati bilan ta’qib etilayotgan fuqaroning prezidentlikka nomzod etib ro‘yxatga olinmasligi jamiyatda qonun ustuvorligini ta’minlash, kriminal shaxslarning hokimiyat organlarida o‘rnashib olishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadi bilan izohlanadi. Keltirilgan norma xalqimizga xos mentalitetning qonuniy ifodasi bo‘lib, yurtimizda azaldan tartib, qoida, qonunga itoatkorlik e’zozlanganidan dalolat beradi. Shu tufayli qasddan jinoyat sodir etgan shaxsning davlat rahbarligigiga nomzod etib ko‘rsatilishini xalqimiz sira qabul qilmaydi.
Diniy tashkilotlar va birlashmalarning professional xizmatchilari ham O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod etib ko‘rsatilishi mumkin emas. Buning asosiy sababi mamlakatimizda dinning davlatdan ajralganida bo‘lib, ushbu prinsip qonunchiligimizda aniq ko‘rsatilgan.
Albatta, jahon amaliyoti shuni ko‘rsatmoqdaki, davlat prezidentligiga nomzodlarni ro‘yxatga olishda qonunchilikda cheklovlarning tatbiq etilishi, nomzodlikka munosib bo‘lmagan insonlarni saylovlarga kirish ehtimolini oldini oladi. Bugungi kunda prezident nomzodligiga mamlakatimiz siyosiy partiyalari tomonidan joriy yil 4-dekabrda bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida qatnashish uchun munosib nomzodlar ko‘rsatildi. Ularning barchasiga saylovlarga tayyorgarlik ko‘rish uchun bir xil sharoitlar yaratilgan. Saylov jarayonida har bir fuqaro konstitutsiyaviy huquqidan foydalanib davlat rahbarligiga munosib deb hisoblagan nomzodga o‘z ovozini berishiga shubha yo‘q. Unutmaylikki, oldimizda turgan ulkan siyosiy voqeada har birimiz va siyosiy partiyalar nechog‘liq faol ishtirok etganiga qarab dunyo hamjamiyati mamlakatimizdagi demokratik islohotlarga baho beradi.
Farhod Umarov
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati
Izoh (0)