Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev 19-noyabr kuni Sirdaryo viloyati saylovchilari bilan uchrashdi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Foto: O‘zLiDeP

Foto: O‘zLiDeP

Uchrashuvni nomzodning ishonchli vakili K. Oqbo‘tayev ochdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev o‘zining saylovoldi dasturi yuzasidan ma’ruza qildi.

Dasturda Birinchi Prezident Islom Karimov belgilab bergan davlat siyosati va taraqqiyot tamoyillarini amalga oshirish, mamlakat iqtisodiyoti va xalqning hayot darajasini yangi bosqichga ko‘tarishga qaratilgan maqsad va vazifalar o‘z ifodasini topgan. Davlat va jamiyat boshqaruvi tizimini takomillashtirish, sud-huquq tizimini isloh etish, mamlakat iqtisodiy qudratini mustahkamlash va jahon bozoridagi raqobatbardoshligini oshirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikka keng erkinlik berish, mahalliy budjetlar daromadini ko‘paytirish, ijtimoiy sohani rivojlantirish, aholini zamonaviy uy-joylar bilan ta’minlash, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, tibbiy va maishiy xizmatlar sifatini oshirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilangan.

“Kuchli davlatdan — kuchli fuqarolik jamiyati sari” konsepsiyasini amalga oshirishni davom ettirish, jamoatchilik nazoratining ta’sirchan mexanizmlarini rivojlantirish, mahalla tuzilmasining jamiyatdagi o‘rni va ahamiyatini yanada oshirish, fuqarolarning huquq va erkinliklari ishonchli himoyasini, odil sudlovning mustahkam kafolatini ta’minlash, korrupsiya va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish, jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish, fuqarolarda qonunga hurmat, huquqbuzarlik holatlariga murosasizlik tuyg‘usini kuchaytirish kabi masalalarga ham alohida e’tibor qaratilgan.

Uchrashuvda mamlakatning barcha hududlari kabi Sirdaryo viloyati ham izchil rivojlanib borayotgani ta’kidlandi. Birinchi Prezidentning 2015-yil 9-martdagi farmoyishiga muvofiq ishlab chiqilgan 2015–2019-yillarda Guliston shahrida drenaj tizimini yanada takomillashtirish, meliorativ holatini yaxshilash va yer osti suv sathini kamaytirish, muhandislik-kommunikatsiya va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish dasturi ulkan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlariga asos bo‘lmoqda. Shahar va qishloqlarda yangi inshootlar barpo etilib, aholining hayot darajasi yuksalmoqda.

Mamlakat iqtisodiyotida alohida o‘rin tutadigan Sirdaryo issiqlik elektr stansiyasi, “Jizzax” erkin iqtisodiy zonasining Sirdaryo filiali, “Peng Sheng”, Reka med farm qo‘shma korxonalarida ishlab chiqarish hajmi ortmoqda. Shu yilning 1-oktabrida ish boshlagan “Guliston medtexnika” O‘zbekiston–Buyuk Britaniya qo‘shma korxonasida import o‘rnini bosuvchi va eksportga yo‘naltirilgan mahsulotlar tayyorlanmoqda.

Uchrashuv videokonferensiya shaklida o‘tkazildi. Viloyatning barcha shahar va tumanlari markazlaridan saylovchilar nomzodning dasturi yuzasidan o‘z fikrlarini bildirdi.

Respublika Ma’naviyat targ‘ibot markazi Guliston tumani bo‘limi rahbari Yo. Madaminov, mehnat faxriysi R. Abdurahmonov, “Temur med farm” MChJ bosh direktori o‘rinbosari Sh. Ziyoyev, shaxmat bo‘yicha xalqaro grossmeyster Sh. Qurbonboyeva, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sohibasi M. Abdurasulova, Mirzaobod ijtimoiy-iqtisodiyot kasb-hunar kolleji o‘qituvchisi N. Meliboyeva, Respublika Ma’naviyat targ‘ibot markazi Sirdaryo tumani bo‘limi rahbari A. Mirzaahmedov va boshqalar mamlakatdagi taraqqiyot sur’atlari izchil davom etayotgani, O‘zbekistonning xalqaro maydondagi nufuzi oshib borayotganini qayd etdi. Saylovchilarni xalqning yuksak madaniyati va huquqiy ongini namoyon etgan holda 4-dekabr kuni bo‘ladigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida faol qatnashishga chaqirdi.