Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev 15-noyabr kuni Surxondaryo viloyati saylovchilari bilan uchrashdi. Bu haqda “Daryo”ga partiya matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuvni nomzodning ishonchli vakili A. Toshqulov ochdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev o‘z saylovoldi dasturi yuzasidan ma’ruza qildi.
Dasturda Birinchi Prezident boshlab bergan keng ko‘lamli islohotlarni izchil davom ettirish, davlat va jamiyat boshqaruvi tizimini takomillashtirish, “Kuchli davlatdan — kuchli fuqarolik jamiyati sari” konsepsiyasini amalga oshirish, huquqiy demokratik davlat va kuchli fuqarolik jamiyati barpo etish, fuqarolarning orzu-intilishlarini ro‘yobga chiqarish, davlat hokimiyati tizimida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining rolini kuchaytirish, ko‘ppartiyaviylik tizimini mustahkamlash, yangicha va mustaqil fikrlaydigan, mas’uliyatli, tashabbuskor, ilg‘or boshqaruv usullarini puxta o‘zlashtirgan, halol, o‘z vatani va xalqiga sodiq kadrlarni tayyorlash bo‘yicha samarali tizim yaratishga qaratilgan ustuvor vazifalar belgilangan.
Makroiqtisodiy barqarorlikni yanada mustahkamlash va erishilgan iqtisodiy o‘sish sur’atlarini rivojlantirish, milliy valyuta, ichki bozordagi narx-navo barqarorligini ta’minlash, iqtisodiyotning jahon bozoridagi raqobatbardoshligini yanada oshirish, uning soha va tarmoqlarini modernizatsiya va diversifikatsiya qilish, eksport salohiyatini kengaytirish, investitsiyaviy faollikni kuchaytirish, davlatning iqtisodiyotdagi rolini qisqartish, xususiy mulkni rivojlantirish va uni himoya qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish, qonun ustuvorligini yanada mustahkamlash, ijtimoiy sohani rivojlantirish, mamlakatdagi tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratilgan.
Uchrashuv videokonferensiya shaklida o‘tdi. Termiz shahri va viloyatning barcha tumanlari markazidan saylovchilar nomzodning dasturi yuzasidan o‘z fikrlarini bildirdi.
Mehnat faxriysi X. Tangriyev, O‘zbekiston xalq shoiri S. Sayyid, “Nuroniy” jamg‘armasi Qiziriq tumani bo‘limi raisi Y. Beknazarov, baxshi S. Shoydilov, mehnat faxriysi X. Toshboyev, Denov tumanidagi “Mehnat farovon hayot” fermer xo‘jaligi rahbari A. Norboyev, Angor maishiy xizmat kasb-hunar kolleji o‘qituvchisi G‘. Karimov va boshqalar dasturda belgilangan vazifalar mamlakatni yanada rivojlantirish, xalq farovonligini yuksaltirishga xizmat qilishini ta’kidladi. Saylovchilarni 4-dekabr kuni bo‘ladigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida faol ishtirok etishga chaqirdi.
Izoh (0)