11-noyabr kuni O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Sarvar Otamuratovning Sirdaryo viloyati saylovchilari va jamoatchiligi bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zMTDP Sirdaryo viloyat kengashi matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuvda turli sohalar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, xotin-qizlar, yoshlar, mahalla faollari, partiya a’zolari hamda OAV xodimlari ishtirok etdi.
Tadbirni Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi Sirdaryo viloyati filiali direktori Jamoliddin Komilov ochib berdi va olib bordi.
Uchrashuv Sirdaryo viloyatining barcha tuman va shaharlarining saylovchilari bilan onlayn videokonferensiya orqali muloqot tarzida bo‘lib o‘tdi.
Dastlab nomzodning hududdagi ishonchli vakili Norbobo Soatov yig‘ilganlarni Sarvar Otamuratov tarjimai holi bilan tanishtirdi. Shundan so‘ng nomzod saylovoldi dasturining asosiy yo‘nalishlarini bayon etdi.
Nomzod joriy yilning 4-dekabrida bo‘lib o‘tadigan Prezident saylovi butun mamlakat va xalq qatorida sirdaryoliklar hayotida ham g‘oyat muhim o‘rin tutadigan ijtimoiy-siyosiy tadbir ekanligini alohida e’tirof etdi.
“Mustaqil O‘zbekiston tarixining hozirgi davrida oldimizda nihoyatda mas’uliyatli vazifa turibdi. Shularni inobatga olgan holda, dasturda yurtimizdagi tinchlik va osoyishtalikni, ijtimoiy-iqtisodiy sohalarni barqaror rivojlantirish, xalqimiz farovonligini izchil yuksaltirib borish, vatanimizning dunyodagi eng rivojlangan davlatlar qatoridan joy olishi yo‘lidagi ezgu maqsadlarimizni ro‘yobga chiqarish bo‘yicha strategik va ustuvor vazifalar belgilangan”, — ta’kidladi Prezidentlikka nomzod Sarvar Otamuratov.
Nomzod saylovchilarni o‘z dasturi bilan tanishtirar ekan, “Milliy tiklanish” partiyasi ma’naviy-ma’rifiy sohani o‘zining dasturiy maqsad-vazifalari ichida yetakchi o‘ringa qo‘ygani keng jamoatchilik va saylovchilarga yaxshi ma’lum ekanligini ta’kidladi. Chunki o‘zligini anglagan, qadriyat va an’analarini e’zozlagan, tarixiy xotirasini asragan xalq iqtisodiy, ijtimoiy va gumanitar taraqqiyotga yuz tutadi.
“Mamlakatda bu sohada erishilgan yutuqlarni mustahkamlash va bu borada amalga oshirilayotgan islohotlarni yanada chuqurlashtirish eng muhim vazifa. Biz doimo milliy o‘zlikni anglash, milliy g‘urur va qadr-qimmat tuyg‘usini mustahkamlash masalalariga ustuvor ahamiyat berganmiz va bundan buyon ham ushbu hayotiy masalalar diqqat-markazimizda bo‘ladi, — deb ta’kidladi Sarvar Otamuratov. — Shunday ekan, avvalo ‘Barkamol avlod — millat tayanchi’ tamoyili ostida biz yoshlar ongini xalqimizga yot bo‘lgan ‘ommaviy madaniyat’ning salbiy ta’siridan muhofaza qilishimiz darkor. Ularning qalbi va ongiga milliy tiklanish g‘oyasini singdirish, milliy ma’naviyat va qadriyatlar ruhida tarbiyalashni yanada kuchaytirishimiz lozim. Bunda kino, teatr va estrada san’atida xalqimizning boy va betakror tarixi, madaniyati, an’analari va ilg‘or urf-odatlarini ta’sirchan badiiy obrazlar orqali ifoda etadigan asarlarning dunyoga kelishiga ko‘maklashish hamda ularni targ‘ib qilish asosiy vazifamizdir”.
Uchrashuvda Prezidentlikka nomzod Sarvar Otamuratov saylovoldi dasturida belgilangan vazifalarga to‘xtalar ekan, bugungi kunda millat genofondini asrash va sog‘lom avlodni voyaga yetkazish masalasi muhim vazifa ekanligini ta’kidladi. Bu borada nomzod dasturida oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, genlarni modifikatsiya qilish usulidan foydalanishni cheklash, aholining ovqatlanish madaniyatini yuksaltirish kabi vazifalarning belgilanganligi muhim ahamiyatga egadir.
Shu o‘rinda nomzod saylovchilar e’tiborini yana bir muammoga qaratdi. U ham bo‘lsa, ayrim hollarda bo‘lsa-da, voyaga yetmaganlar o‘rtasida turmush qurish holatlari hali-hamon uchrab turganligidir. “Milliy tiklanish” partiyasidan nomzod qayd etganidek, erta turmush va erta tug‘ruqlarning oldini olish borasida aniq va ta’sirchan choralar ko‘rish, bu boradagi targ‘ibot-tashviqot ishlari, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, aholida erta nikohga nisbatan murosasizlik tuyg‘usini shakllantirish lozim.
Shuningdek, uchrashuvda Sarvar Otamuratov dasturda siyosiy va sud-huquq, iqtisodiy, ijtimoiy, axborot, sport va tashqi siyosat sohalarida belgilangan jamiyatni isloh etish va demokratlashtirish, mamlakatni modernizatsiya qilish jarayonlarini yangi bosqichga ko‘tarishning eng maqbul yechim va ustuvor yo‘nalishlariga to‘xtalib o‘tdi. Bu kabi vazifalar saylovchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Nomzodning dasturini qo‘llab-quvvatlab Guliston davlat universiteti kafedra mudiri A. Yo‘ldoshev, Guliston shahridagi 17-sonli maktabgacha ta’lim muassasasi mudirasi B. Alimova, Mirzobod tumanidagi 29-umumta’lim maktabi direktori O‘. Gadoyev, Sirdaryo tumani agrosanoat majmui xodimlari kasaba uyushmasi raisi B. Isayev va boshqalar so‘zga chiqdi.
Uchrashuv so‘ngida Sarvar Otamuratov ishtirokchilarning barcha savollariga javob berdi.
Izoh (0)