Fransiya parlamentining quyi palatasi — milliy majlis Yelisey saroyi va bosh vazirga mamlakat prezidenti Fransua Ollandga nisbatan impichmentni ko‘zda tutuvchi rezolyutsiya loyihasini taqdim etdi. Bu haqda “Interfaks” xabar bermoqda.
Hujjatni 79 nafar deputat, jumladan, “Respublikachilar” partiyasi fraksiyasi rahbari Kristian Jakob va sobiq bosh vazir Fransua Fiyon imzoladi. Yaqin orada rezolyutsiyaga fraksiyaning boshqa a’zolari ham qo‘shilishi bildirilmoqda.
Deputatlar Ollandni “Prezident bu haqda gapirmasligi kerak…” deb nom olgan kitobida davlat sirini oshkor etganlikda ayblamoqda. U kitobda chet eldagi xavfli ekstremistlarni yo‘q qilish yuzasidan maxfiy xizmatlarga ko‘rsatma bergani haqida yozgan. Biroq Olland keyinchalik mazkur ma’lumotlar asossiz ekanligi, gap faqat kuzatuv va xatarni bartaraf etish haqida borganligini tan olgandi.
Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’”ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.