Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev 10-noyabr kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi saylovchilari bilan uchrashdi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Uchrashuvni O‘zLiDePning Qoraqalpog‘iston Respublikasi kengashi raisi S. Turmanov ochdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev o‘zining saylovoldi dasturi yuzasidan ma’ruza qildi.
Dasturda keng ko‘lamli iqtisodiy-ijtimoiy islohotlarni izchil davom ettirish, sanoatni modernizatsiya va diversifikatsiya qilish hisobidan iqtisodiyotning raqobatbardoshligini oshirish, rivojlangan demokratik davlatlar qatoridan munosib o‘rin olish, aholi farovonligi va hayot darajasini yanada oshirishga doir strategik maqsadlar o‘z ifodasini topgan. Davlatning iqtisodiyotdagi ulushini qayta ko‘rib chiqish, ishbilarmonlik va tadbirkorlik uchun yanada keng yo‘l ochib berish, investitsiyaviy muhitni yanada yaxshilash va eksport hajmini ko‘paytirish, fermerlik harakatini yangi bosqichga ko‘tarish, mahalliylashtirish dasturlarini izchil davom ettirish, aholi bandligini ta’minlash va turmush farovonligini oshirish kabi masalalarga alohida e’tibor qaratilgan.
Mamlakatning iqtisodiy-ijtimoiy taraqqiyoti Qoraqalpog‘iston Respublikasi rivojida ham yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirilib, shahar va qishloqlar qiyofasi butunlay o‘zgarib borayotir. Yangi zavod va korxonalar, infratuzilma obyektlari, zamonaviy uy-joylar barpo etilmoqda.
Mahalliylashtirish va investitsiya dasturlari doirasida ko‘plab istiqbolli loyihalar amalga oshirilmoqda. Qo‘ng‘irot soda zavodi, dunyodagi eng yirik loyihalardan biri — Ustyurt gaz-kimyo majmuasi mamlakat iqtisodiyotida muhim o‘rin tutmoqda. Surg‘il koni negizida bunyod etilgan Ustyurt gaz-kimyo majmuasi Birinchi Prezident Islom Karimov tasdiqlagan mamlakat sanoatini keng ko‘lamli modernizatsiya qilish dasturi doirasida amalga oshirildi. Bu neft-kimyo sohasida nafaqat O‘zbekiston, balki MDH hududida uzoq muddatli moliyalashtirish asosida hayotga tatbiq etilgan dastlabki keng ko‘lamli loyihadir. Umumiy qiymati 4 milliard dollarlik ushbu loyihaning amalga oshirilishi yiliga 4,5 milliard kub metr tabiiy gazni qayta ishlash hisobidan 3,7 milliard kub metr gaz, 387 ming tonna polietilen, 83 ming tonna polipropilen, 102 ming tonna piroliz distillyati va boshqa mahsulotlar ishlab chiqarish imkonini beradi.
Videokonferensiya shaklida o‘tgan uchrashuvda Nukus shahri va Qoraqalpog‘iston Respublikasining barcha tumanlari markazidan saylovchilar ishtirok etdi. Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi “Nuroniy” jamg‘armasi raisi Sh. Usnatdinov, mehnat faxriysi Q. Kamolov, Mo‘ynoq tumani “Talliuzak” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi B. O‘tambetova, Ellikqal’a tumani fermerlar kengashi raisi E. Bobojonov, Amudaryo tumani “Barkamol avlod” markazi rahbari X. Rajabova, Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti talabasi G. Sultonmurodova, Qo‘ng‘irot tumanidagi “Qaldirg‘och Mavluda” sayyohlik firmasi rahbari M. Yembergenova va boshqalar tinchlik va barqarorlik samarasida mamlakat har tomonlama rivojlanib, xalq dunyoqarashi va turmush tarzi izchil yuksalib borayotganini qayd etdi. Prezident sayloviga tayyorgarlik ko‘rish, uni o‘tkazish bilan bog‘liq jarayonlar milliy qonunchilik va xalqaro demokratik talablarga to‘la mos ravishda o‘tayotganini ta’kidladi. Saylovchilarni 4-dekabr kuni bo‘ladigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida faol ishtirok etishga chaqirdi.
Izoh (0)