Toshkent shahridagi Inha universitetida poytaxtda faoliyat yuritayotgan akademik litsey va kollej rahbarlari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda universitet matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuvda Toshkentda faoliyat yurituvchi akademik litsey va kollejlarning 70 nafar direktorlari ishtirok etdi.
Uchrashuv davomida Koreya Respublikasidagi Inha universiteti vakillari joriy yilda ochilgan Jungseok International School of Global Studies (Jungseok ISGS, Global tadqiqotlar xalqaro maktabi) dasturini taqdim etdi.
Bu yildan boshlab Koreya Respublikasidagi Inha universiteti Jungseok ISGS dasturini ochdi. Jungseok ISGS dasturi yoshlarga Koreya Respublikasidagi Inha universitetida ta’lim olish hamda global tadqiqotlar sohasida bakalavr darajasini olish imkonini beradi. Dastur tomonidan a’lochi talabalarga grantlar ko‘zda tutilgan.
Mazkur dastur global biznes sohasida yetakchilarni tayyorlashga qaratilgan hamda xalqaro biznes, xalqaro savdo, moddiy-texnik va madaniy boshqaruv sohasidagi asosiy mavzularni qamrab oladi. Barcha kurslar ingliz tilida o‘tiladi.
Dastur shuningdek, talabalarga koreys tili va Koreya Respublikasi madaniyatini o‘rganish imkoniyatini ham taqdim etadi.
Koreya Respublikasidagi Inha universitetida ta’lim olish huquqini qo‘lga kiritish uchun abituriyentlar hujjatlar to‘plami hamda 5,5 balldan kam bo‘lmagan IELTS sertifikatini taqdim etishi shart.
Eslatib o‘tamiz, IELTS sertifikati 7,0 balldan yuqori bo‘lgan abituriyentlar Koreya Respublikasidagi Inha universitetining grantiga ega bo‘lishi mumkin.
Uchrashuvdan so‘ng o‘rta maxsus o‘quv yurtlari vakillari Toshkent shahridagi Inha universitetida talabalar va o‘qituvchilarga yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdi. Litsey va kollej rahbarlari uchrashuv davomida Jungseok ISGS dasturi haqida olgan ma’lumotlarni o‘quv yurtlarida ta’lim olayotgan yoshlarga yetkazadi.
Izoh (0)