10-noyabr kuni O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Sarvar Otamuratovning Buxoro viloyati saylovchilari va jamoatchiligi bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “Daryo”ga O‘zMTDP Buxoro viloyat kengashi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Uchrashuvda turli sohalar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, xotin-qizlar, yoshlar, mahalla faollari, partiya a’zolari hamda OAV xodimlari ishtirok etdi. Uchrashuv Buxoro viloyatining barcha tuman va shaharlarining saylovchilari bilan onlayn videokonferensiya orqali muloqot tarzida bo‘lib o‘tdi.
Dastlab nomzodning ishonchli vakili Saidjon Hamroyev yig‘ilganlarni Sarvar Otamuratov tarjimai holi bilan tanishtirdi. Shundan so‘ng nomzod saylovoldi dasturining asosiy yo‘nalishlarini bayon etdi.
Dasturda, eng avvalo, ma’naviy-ma’rifiy sohaga alohida e’tibor berilganligini ta’kidlar ekan, nomzod “O‘z tarixini bilmaydigan, kechagi kunini unutgan millatning kelajagi yo‘q” tamoyili asosida tarixni xolis va tizimli o‘rganish, bu borada o‘zbek xalqining tarixiy o‘tmishi va bugungi kunini baholashda bir yoqlama yondashuvlarga, noxolislikka yo‘l qo‘ymaslik, O‘zbekiston tarixining buzib, soxtalashtirib talqin etilishiga qarshi kurashish lozimligi xususida gapirdi.
Sarvar Otamuratov madaniy meros obyektlarini to‘liq xatlovdan o‘tkazib, hisobga olish ishlarini takomillashtirish, muzeylar, arxivlar, kutubxonalarda va boshqa joylarda saqlanayotgan, madaniy meros obyekti belgilariga ega bo‘lgan eksponatlar, kolleksiyalar va arxiv hujjatlarini to‘liq toifalashtirish, bu boradagi qonunchilikni yanada takomillashtirish masalalariga e’tibor qaratar ekan, ushbu holat Buxoro viloyati uchun ham dolzarb ahamiyatga ega ekanligini aytib o‘tdi.
Ma’lumki, O‘zbekiston, xususan, Buxoro viloyati ko‘p asrlik tarixga va nodir madaniy-tarixiy merosga ega. Bularning hammasi mamlakatda ulkan salohiyati hozircha to‘liq ishga solinmagan turizm industriyasini rivojlantirish imkonini beradi.
Nomzod mazkur masala Buxoro viloyatida ham dolzarbligini e’tirof etgan holda turizm viloyat iqtisodiyotini yanada rivojlantirishda muhim o‘rin tutishini aytib o‘tdi. Turizm respublikaning barcha hududlari qatori Buxoroda ham bugungi kunda muhim bo‘lib turgan qo‘shimcha ish o‘rinlarini yaratish, iqtisodiy faol aholining bandligini oshirish, aholi farovonligini yuksaltirish hamda infratuzilmani rivojlantirishga xizmat qilishini ta’kidladi.
Shundan kelib chiqqan holda, Sarvar Otamuratov o‘z saylovoldi dasturida sayyohlik infratuzilmasining yanada rivojlanishini, sayyohlar uchun mo‘ljallangan obyektlarning har tomonlama maqbul bo‘lishini, transport va mehmonxona xizmatlari hamda sayyohlik logistikasini takomillashtirishni, sayyohlik industriyasi bilan bog‘liq xizmatlarning turli sohalariga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etishni ta’minlash kabi vazifalarning belgilanganligini alohida e’tirof etdi.
“Shu o‘rinda hayotimizda mavjud yana bir muammoga e’tibor qaratishni istayman, — dedi nomzod uchrashuvda. — U ham bo‘lsa, ayrim hollarda bo‘lsada, voyaga yetmaganlar o‘rtasida turmush qurish holatlari hali-hamon uchrab turganligidir. Erta turmush va erta tug‘ruqlarning oldini olish borasida aniq va ta’sirchan choralar ko‘rish, bu boradagi targ‘ibot-tashviqot ishlari, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, aholida erta nikohga nisbatan murosasizlik tuyg‘usini shakllantirishimiz lozim. Oila va oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash, yosh oilalarga g‘amxo‘rlikni oshirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlarni izchil davom ettirish maqsadida qonunchiligimizni yanada takomillashtiramiz. Zero, buyuk ajdodlarga barkamol avlod munosib”.
Uchrashuvda “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan nomzod barkamol avlod tarbiyasi haqida gapirar ekan, yoshlarning ma’naviy kamoloti bilan bir qatorda ularning jismonan yetukligiga ham alohida e’tibor qaratish zururligini ta’kidladi. Bunda, nomzod “Farzandlari sog‘lom va barkamol yurt qudratli bo‘lur” shiori ostida mamlakatda keng quloch yoygan va umummilliy vazifaga aylangan bolalar sportini har tomonlama rivojlantirish darkor, deb hisoblashini aytdi.
Uchrashuvda Sarvar Otamuratov dasturning boshqa sohalariga ham batafsil to‘xtalib o‘tdi. Dasturda belgilangan vazifalar saylovchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Nomzodning Dasturini qo‘llab-quvvatlab Buxoro davlat universiteti rektori A. To‘laganov, “O‘zbekturizm” milliy kompaniyasi Buxoro mintaqaviy bo‘limi boshqaruvchisi o‘rinbosari B. Idiyev, Madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish ilmiy ishlab chiqarish bosh boshqarmasi Buxoro va Navoiy viloyatlari bo‘yicha mintaqalararo inspeksiyasi boshlig‘i A. Muhamedov va boshqalar so‘zga chiqdi.
Uchrashuv so‘ngida Sarvar Otamuratov ishtirokchilarning barcha savollariga javob berdi.
Izoh (0)