3-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboyev o‘rtasida Qozog‘iston tomonining tashabbusi bilan telefon orqali muloqot bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Muloqot chog‘ida tomonlar siyosiy, savdo-iqtisodiy va gumanitar sohalarda O‘zbekiston – Qozog‘iston munosabatlarini yanada rivojlantirish masalalari yuzasidan fikr almashdi.
Tomonlar turli vazirliklar, idoralar, xo‘jalik subyektlari va boshqa tashkilotlar o‘rtasida erishilgan o‘zaro kelishuvlar hayotga izchil tatbiq qilinayotganidan mamnuniyat bildirdi.
Shavkat Mirziyoyev va Nursulton Nazarboyev mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik ayrim muammolarni ham muhokama qilib, tomonlarni qiziqtirgan masalalar yuzasidan maslahatlashuvlarni davom ettirish zarurligini ta’kidladi.
Suhbat konstruktiv, davlatlar o‘rtasidagi do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlari ruhida o‘tdi.