Sharq ayollarining doim tabiiy go‘zallik retseptlari bo‘lgan. Ulardan biri qadimdan foydalanib kelingan surmadir. Bu qora modda Arabiston yarimoroli va Sharq ayollari tomonidan pardoz vositasi sifatida, ko‘z ostiga surish, qovoq uchun bo‘yoq, ko‘zlarni davolash, shuningdek, Sharqda mashhur ko‘zning tashqi burchagiga chiziq tortish uchun qo‘llanilgan. Surma bu maydalanib, kastor yog‘i bilan aralashtirilgan qora toshdir.
“Surma” so‘zi turkcha “syurme” so‘zidan kelib chiqqan bo‘lib, “surish”, “qoshlarni qoraytirish” ma’nolarini anglatadi. U nafaqat ko‘zlarga ifodalilik bag‘ishlab, ularning chiroyiga urg‘u beradi, balki ko‘rish qobiliyati va ko‘z gigiyenasi uchun juda foydali hisoblanadi.
Surma ko‘zlarini mustahkamlash uchun chaqaloqlarga ham suriladi, shuningdek, yomon ko‘zdan asrash vositasi sanaladi. Surma quruq yoki turli yog‘lar qo‘shilgan suyuq shaklda bo‘lishi mumkin.
Ko‘p yillar avval ko‘z uchun surma faqat badavlat ayollarning go‘zallik vositasi hisoblangan. Uni xarid qilish oson bo‘lmagan, sababi u uzoq mamlakatlardan keltirilib, narxi ham anchagina qimmat bo‘lgan.
Zamonaviy kosmetika dunyosi ushbu vositadan cheklovlarsiz foydalanish imkonini beradi. Uni oddiy do‘kon va internetdagi kosmetika magazinlaridan bemalol xarid qilish mumkin.
Kosmetika vositalarining juda ko‘pligiga qaramasdan, arab go‘zallari hamon surmaning turli shakllaridan foydalanib keladi. Hozirgi paytda Eron va Suriyada ishlab chiqarilgan surma juda qadrlanadi.
Siz ham surmadan foydalanasizmi?
Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’”ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.
Izoh (0)