Bosqon uloqtirish bo‘yicha London–2012 Olimpiya o‘yinlarining chempioni rossiyalik Tatyana Lisenko–Beloborodova doping bilan tutilganidan so‘ng oltin medalni qaytarishdan bosh tortdi. Bu haqda sportchining tushmush o‘rtog‘i Nikolay Beloborodov “Sport-Ekspress” nashriga ma’lum qildi.
Pekin–2008 va London–2012 Olimpiadasi vaqtida olingan doping namunalari qayta tekshirilganidan so‘ng, Tatyana Lisenko–Beloborodovaning namunasida taqiqlangan turinabol moddasi aniqlangandi. Xalqaro olimpiya qo‘mitasi 33 yoshli sportchini diskvalifikatsiya qilib, London–2012 Olimpiadasining oltin medali, esdalik nishoni va diplomini qaytarishni talab qilgan edi.
“Oltin medalni qaytarmaymiz. Birinchidan, Tatyana sud bo‘lishini aytgandi, ya’ni, ish hali yakuniga yetmadi. Ikkinchidan, u faoliyatini yakunladi va musobaqalarda boshqa ishtirok etmaydi. Menimcha, u ko‘pchilikka Olimpiada chempioni bo‘lgan va shundayligicha qoladi. Biz bilan yaxshi munosabatda bo‘lishmayapti, nima uchun to‘satdan medalni qaytarishimiz kerak?”, – dedi Beloborodov.
Izoh (0)