Argentina armiyasi saflarida to‘rt oyoqli serjant paydo bo‘ldi. Sakkiz yil muqaddam xizmatga kirgan Kapral laqabli it serjant unvoniga sazovor bo‘ldi, deb xabar beradi “TASS”.
Hali kichkina ekanligida Kapral Salta provinsiyasidagi “San-Antonio-de-los-Kobres” patrul otryadi kazarmasi yaqinida yemak qidirib yurardi. Oxiri u harbiylar bilan birga qoldi.
Xizmat yillari davomida it otryad bilan birgalikda 100 marta tog‘larga chiqqan. Xizmatdoshlarining aytishicha, Kapral nihoyatda tartibli xizmatchi bo‘lib, har doim yangi sarguzashtlarga tayyor. U askarlarning sadoqatli do‘stiga aylanib qolgan.
Serjant pogonini unga beshinchi tog‘ brigadasi komandiri, mayor-polkovnik Xuan Manuel Pulyeyro topshirdi. 100 kishi ishtirokida bo‘lib o‘tgan marosimdan so‘ng Kapral xizmatdoshlari bilan birgalikda kichik paradda qatnashdi.
Izoh (0)