Ispaniyaning “Real Sosyedad” futbol jamoasi stadion yaqinida yotib yurgan uysiz odamni o‘yin maydoni maysasini parvarishlash uchun yolladi. Bu haqda, Marca nashriga tayanib, “TASS” xabar bermoqda.
35 yoshli Ruben Vitoriano 8 oy mobaynida iti bilan birgalikda “Anoeta” stadioni yaqinida yashab kelayotgan edi. “Real Sosyedad” u bilan ikki oylik shartnoma imzoladi. Shartnomaga muvofiq, Vitoriano stadion maysasini o‘rib boradi. Shuningdek, klub yangi xodimiga vaqtinchalik boshpana taqdim etdi.
“Yaxshi insonlar hozir bo‘lmasa kerak deb o‘ylardim. Buncha zarbalardan so‘ng umidimni yo‘qotgandim”, — deydi klubning yangi xodimi.
Klub rahbariyati, yangi xodim vazifasini sidqidildan bajarsa, u bilan hamkorlikni davom ettirish rejalashtirilayotganini bildirdi.
Izoh (0)