O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Prezidentligiga nomzod Narimon Umarov saylovoldi dasturida davlat va jamiyat boshqaruvida aholining munosib ishtirokini ta’minlash masalasiga e’tibor qaratishini aytib o‘tdi. Uning partiya VIII Qurultoyidagi ma’ruzasi matni partiya rasmiy saytida chop etildi.
“Davlat va jamiyat boshqaruvida aholining munosib ishtirokini ta’minlash ham e’tiborimiz markazidagi masalalardandir. Ayni shu sababdan siyosiy islohotlarning yanada chuqurlashtirilishi, jamiyatda demokratik qadriyatlarning mustahkamlanishi va rivojlanishi, adolat, inson huquq va erkinliklari ustuvorligi ta’minlanishi uchun bor kuchimizni safarbar etamiz”, — ta’kidladi Narimon Umarov.
“Biz vakillik hokimiyati, fuqarolik jamiyati institutlarining davlat va jamiyat hayotidagi o‘rni va rolini yanada kuchaytirish, parlamentarizmni rivojlantirish, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatiga oshkoralik, ochiqlik va hisobdorlik tamoyillarini keng joriy etishni yoqlaymiz. Shuningdek, hokimiyatning barcha darajadagi boshqaruv organlari vakillari hamda fuqarolar o‘rtasida o‘zaro ochiq muloqot va to‘g‘ridan-to‘g‘ri munosabatlarni yanada kengaytirish, davlat xizmati va davlat xizmatchilari faoliyatining huquqiy asoslarini mustahkamlash tarafdorimiz”, — qo‘shimcha qildi u.
Bu, o‘z navbatida, davlat organlari faoliyatining samaradorligini oshirish, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning muhim masalalarini yechishda eng maqbul qarorlarni shakllantirish va qabul qilish jarayonida aholining faol ishtirokini ta’minlash, ijtimoiy adolat tamoyillarini hayotga keng tatbiq etish, byurokratizm va korrupsiyaning har qanday ko‘rinishlarini bartaraf etishga ham xizmat qiladi, deyiladi ma’ruzada.
“O‘zbekistonda ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash vazifasi davlat, hokimiyat, biznes va fuqarolik jamiyati institutlari sa’y-harakatlarini uyg‘unlashtirish va muvofiqlashtirish, jamoatchilik nazorati institutini yanada kuchaytirishni talab etadi. Iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy ahamiyatga molik masalalar yuzasidan qabul qilinayotgan qonun hujjatlari, davlat ijtimoiy dasturlari va hududlarni rivojlantirish dasturlarini keng jamoatchilik ishtirokida ekspertizadan o‘tkazish, nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyati uchun yanada qulay sharoitlar yaratish, ularning sog‘liqni saqlash, ta’lim, atrof-muhitni muhofaza qilish sohalaridagi muammolarni hal qilishdagi ishtirokini kuchaytirish kabi masalalar bizning doimiy e’tiborimiz markazida bo‘ladi” — dedi Narimon Umarov.
Izoh (0)