Britaniyalik bokschi Entoni Joshuaning promouteri Eddi Xirn ukrainalik bokschi Vladimir Klichko pul o‘rniga oson jangni afzal ko‘rishini ma’lum qildi, deb xabar bermoqda “iSport.ua”.
Germaniya matbuoti Klichko Entoni Joshua bilan jang qilishdan bosh tortib, osonroq raqib – avstraliyalik Lukas Braun bilan jang qilishga qaror qilgani haqida xabar berdi.
Ukrainalik bokschining jamoasi bu borada rasmiy tasdiq bermagan bo‘lsa-da, Eddi Xirn Klichkoning Joshua bilan jang qilishdan bosh tortishi sababini ma’lum qildi.
“Balki Klichko WBA kamari uchun oson jang o‘tkazmoqchidir. Hozir Vladimirni pul qiziqtirmaydi. Joshuaga qarshi jang u uchun serdaromad bo‘ladi. Ko‘rinib turibdiki, pul Klichko uchun birinchi o‘rinda emas, chunki Braun yoki Ustinovga qarshi jang uchun Vladimir 5 million yevroga kamroq oladi”, – dedi Joshuaning promouteri.
“Qariyb uch hafta shartnomani muhokama qildik va barcha kamchiliklarni bartaraf etdik. Klichkoning jamoasiga murojaat qilib, barchasi tayyor ekanini aytganimizda u IBF kamari uchun jang qilmasdan, WBA kamariga Braun bilan jang qilishni afzal topdi”, – deya qo‘shimcha qildi hafsalasi pir bo‘lgan Xirn.
Butunjahon boks assotsiatsiyasi (WBA) vakant bo‘lib turgan kamari uchun qaysi bokschilarga jang qilishga ruxsat berishi hozircha noma’lum. Vladimir Klichko raqib kim bo‘lishidan qat’i nazar 10-dekabr kuni Manchester yoki Gamburg shahrida jang o‘tkazadi.
Eslatib o‘tamiz, ukrainalik bokschining Tayson Fyuri bilan revansh jangi britaniyalik sportchi tomonidan ikki marta bekor qilindi.
Qayd etish kerakki, Tayson Fyurining ikkita doping namunasida kokain moddasi aniqlangan edi.
Izoh (0)