Tashqi ko‘rinishga baho berishda yuz terisi asosiy ko‘rsatkichlardan biri ekani ko‘plab tadqiqotlarda isbotlangan. Silliq va toza yuz terisi haqida kim ham orzu qilmaydi, deysiz?
Qanchalik g‘alati tuyulmasin, bu orzu ushalishi uchun ko‘p vaqt va pul sarflash shart emas. Bir necha tavsiyalarga rioya etish yetarli.
1. Birinchi navbatda zararli odatlardan voz kechish kerak. Siz uchun mustahkam sog‘liq, oppoq tishlar va toza yuz terisi muhimmi yoki zararli odatlar? O‘zingiz xulosa chiqaring.
2. Toza havoda ko‘proq vaqt o‘tkazing. Buning uchun teringiz sizga faqat “rahmat aytadi”. Bu terining yangilanishi va namlanishiga sabab bo‘ladi.
3. Haftalik ratsioningizga qaynatilgan baliq, yong‘oq va zaytun yog‘ini kiriting. Tarkibidagi foydali yog‘lar tufayli ular terini yanada mayin qilib, qarish jarayonini sekinlashtiradi. Yog‘li taomlar va ziravorlardan esa voz kechish kerak bo‘ladi. Ular yuzaga keltiradigan oshqozon bilan bog‘liq muammolar teriga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
4. Sog‘lom uyqu ham muhim rol o‘ynaydi. Agar sutkada 7 soatdan kam uxlasangiz teri hujayralari yangilanishga ulgurmaydi, ko‘z ostingizda qora halqalar paydo bo‘ladi. Pardoz vositalarini uxlashdan oldin yuvishni unutmang.
5. Ideal yuz terisiga ega bo‘lish uchun turli kremlar, niqoblar xarid qilamiz. Biroq pardoz vositalaridan haddan ortiq foydalanish uni yanada quritib yuborishi haqida o‘ylab ko‘rmaymiz. Ulardan aql bilan foydalanish zarur.
6. Yuz terisini oziqlantiruvchi, yoshartiruvchi va namlantiruvchi niqoblar ijobiy samara beradi. Ularni haftada bir marta qo‘llagan ma’qul.
7. Agar yuqoridagi usullar bir necha oy davomida hech qanday natija bermasa, dermatolog shifokorga murojaat qilishni tavsiya etamiz. Aksariyat hollarda teri holati sog‘likning ichki muammolari bilan bog‘liq bo‘ladi.
Internet manbalari asosida tayyorlandi
Izoh (0)