Mercedes-Benz konsernining bo‘lajak avtoboshqaruvdagi mashinalari bu piyodalar halokatiga olib kelgan taqdirda ham mashina ichidagi haydovchi va yo‘lovchilarni himoya qiladi. Bu borada kompaniyaning haydovchiga ko‘mak tizimlarini ishlab chiqish bo‘yicha boshlig‘i Kristof fon Xyugo bayonot berdi, deb xabar qiladi TJournal.
Uning so‘zlariga qaraganda, avtomobil favqulodda vaziyatda ikki qarordan birini mustaqil ravishda qabul qiladi. Bu holda himoya tizimi haydovchi va yo‘lovchilarni qutqarishga yo‘naltiriladi. Fon Xyugoning tushuntirishicha, bu xaridorlar diqqatini tortish uchun o‘ylab topilgan qadam bo‘lmay, avariyalarning kutilmagan xarakteriga javobdir. Shu bois sun’iy ong hech bo‘lmaganda mashinadagilarni qutqarib qolishga intiladi.
“Tizim avtomobilni qurbon berishi mumkin edi, ammo bunda u ko‘chadagi odamlarni qutqarib qolsa bo‘ladimi, yo‘qmi, bilmaydi. Bizning holatda qutqarilishi aniq bo‘lgan odamlar saqlab qolinadi”, — tushuntirdi u.
Avtoboshqaruvdagi mashinalarning ishlash prinsipi “vagonetka muammosi”ni eslatib yuboradi. Ushbu xayoliy tajribada bir insonni qurbon qilib, bir necha kishini qutqarib qolish dilemmasi ko‘rib chiqiladi.
Science tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotda ko‘pchilik sun’iy ong YTH chog‘ida qurbonlar sonini imkon qadar kamaytirishi lozimligini ma’qulladi. Shu bilan birga, so‘rovdan o‘tkazilgan haydovchilar piyodalarni emas, ularni qutqarib qoladigan mashinalarni ma’qul topishini tan oldi.
Izoh (0)