Britaniya Kengashi 2015-yilning oktabridan 2016-yilning oktabrigacha O‘zbekistondagi faoliyatining 20 yilligini nishonlamoqda. Shu munosabat bilan 13-oktabrda Britaniya Kengashi tomonidan matbuot anjumani o‘tkazildi. Bu haqda Britaniya Kengashi “Daryo”ga ma’lum qildi.
Britaniya Kengashi Madaniyat va sport vazirligi, San’at Akademiyasi va Tasviriy san’at milliy galereyasi bilan hamkorlikning 20 yilligi munosabati bilan “Yangi o‘tmish” mavzusida Britaniya zamonaviy tasviriy san’ati ko‘rgazmasini o‘tkazadi.
Mazkur ko‘rgazma Tasviriy san’at milliy galereyasida tashkil etilib, ijodiy ishlari Britaniya Kengashi kolleksiyasida saqlanayotgan 20 nafar ijodkor orqali Britaniyadagi so‘nggi 20 yil ichidagi tasviriy san’atidagi ruh va xilma-xillikni tasvirlaydi. Ko‘rgazma ochilishi shu yilning 28-oktabrida bo‘lib o‘tadi va 29-oktabriga qadar davom etadi.
28-oktabrda Tasviriy san’at milliy galereyasi majlislar zalida zamonaviy tasviriy san’atning rivojida asosiy yo‘nalishlar va tendensiyalar va keyingi hamkorlik qadamlarini muhokama qilish uchun Forum bo‘lib o‘tadi. Shuningdek, mazkur yilning noyabr—dekabr oylarida muzey rahbarlari va mutasaddilari uchun “Jahon tasnifidagi ko‘rgazma tashkil etish yo‘llari” mavzusidagi yangi dastur ishga tushiriladi.
Izoh (0)