12–13-oktabr kunlari bo‘lib o‘tgan XII Xalqaro o‘zbek paxta va to‘qimachilik yarmarkasining nufuzi yildan-yilga ortib, dunyoning turli mamlakatlaridagi biznes tuzilmalar e’tiborini jalb etmoqda. Yarmarkada 550 ming tonna o‘zbek paxta tolasini sotib olish, O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan to‘qimachilik mahsulotlarini yetkazib berish bo‘yicha 1 milliard 322 million dollardan ziyod miqdordagi shartnomalar imzolandi. Bu jahon bozorida O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan paxta tolasi va to‘qimachilik mahsulotlariga talab yuqoriligini namoyon etdi, deb yozadi O‘zA.
Anjumanda yuqori sifatli paxta tolasini yetishtirish va savdo qilish, bu yo‘nalishdagi samarali hamkorlikni kengaytirish va tarmoqqa tegishli boshqa dolzarb masalalar muhokama qilindi, muzokaralar olib borildi, o‘zaro manfaatli shartnomalar tuzildi. Unda 40 dan ziyod mamlakat ishbilarmon doiralari vakillari, ekspert va mutaxassislari ishtirok etdi. Xitoy, Rossiya, Yevropa Ittifoqi davlatlari, Yaponiya, Bangladesh, Birlashgan Arab Amirliklari, Koreya Respublikasi vakillari shular jumlasidandir.
Yarmarka ishtirokchilari Toshkent viloyatidagi “O‘zbekiston” paxtani qayta ishlash zavodi, “Uzteks Chirchiq” qo‘shma korxonasi va “Toshkent Tola” paxta terminali faoliyati bilan yaqindan tanishib, O‘zbekistonda paxtachilik va to‘qimachilik sanoati izchil rivojlanayotgani, sohaga eng zamonaviy texnologiyalar joriy etilayotganining guvohi bo‘ldi.
“O‘zpaxtasanoateksport” xolding kompaniyasi, “O‘zbekyengilsanoat” aksiyadorlik jamiyati, O‘zbekiston Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo, Qishloq va suv xo‘jaligi vazirliklari, Tovar-xomashyo birjasi va “Sifat” markazi hamkorligida tashkil etilgan XII Xalqaro o‘zbek paxta va to‘qimachilik yarmarkasi yetishtirilgan paxtani sotish mexanizmini yanada takomillashtirish bo‘yicha belgilangan vazifalarni bajarishga salmoqli hissa qo‘shmoqda. An’anaviy yarmarka milliy iqtisodiyotda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni chuqurlashtirish, mamlakatning xalqaro maydonda raqobatbardoshligi va nufuzini yanada yuksaltirishga xizmat qilmoqda.
Izoh (0)