Iqtisodiyot bo‘yicha 2016-yilgi Nobel mukofoti Garvard universiteti vakili Oliver Xart va Massachusets Texnologiya instituti xodimi Bengt Xolmstryomga berildi. Bu haqda “Gazeta.ru” xabar bermoqda.
“Zamonaviy iqtisodiyotlar hisobsiz shartnomalar asosiga quriladi. Xart va Xolmstryom tomonidan yaratilgan nazariy instrumentlar real shartnomalar va institutlarni tushunish uchun muhim ahamiyat kasb etadi”, — deyiladi mukofotning rasmiy saytida joylashtirilgan matbuot xabarnomasida.
Laureatlar shartnomalar nazariyasini ishlab chiqdi. Unga shartnoma strukturasining turli jihatlarini tahlil qilish prinsiplari kiritildi. Top-menejerlarga mehnat samaradorligiga ko‘ra haq to‘lash, sug‘urta va franshiza, xususiylashtirish shular jumlasidandir.