O‘zbekiston Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi delegatsiyasi joriy yilning 22–26-sentabr kunlari Ozarbayjon erkin iste’molchilar ittifoqi taklifiga muvofiq Boku shahrida bo‘ldi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Tomonlar o‘zaro axborot almashish, qo‘shma loyihalar va dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirish, birgalikda uchrashuv, konferensiya, seminar va simpoziumlar, mutaxassis va delegatsiyalarning o‘zaro tashriflarini tashkil qilish bo‘yicha memorandum imzoladi.
Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda O‘zbekiston Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi raisi J. Sarimsoqov, Ozarbayjon erkin iste’molchilar ittifoqi raisi E. Huseynov va boshqalar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha ikki tomonlama va xalqaro tashkilotlar doirasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, xalqaro tajriba asosida iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari faoliyatini takomillashtirish bugungi kun talabi ekanligini ta’kidladi.
Ozarbayjonlik mutaxassislarga O‘zbekiston Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi faoliyati haqida so‘zlab berildi.
O‘zbekiston delegatsiyasi a’zolari Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti huzuridagi NNTni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha kengash, Iqtisodiyot vazirligi huzuridagi Aksilmonopoliya siyosati va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha davlat xizmati hamda Nodavlat notijorat tashkilotlari forumida uchrashuvlar o‘tkazdi.
Izoh (0)