Italiyada 4-dekabr kuni konstitutsiyani isloh qilish bo‘yicha referendum bo‘lib o‘tadi. Bu haqda 26-sentabr, dushanba kuni Italiya bosh vaziri Matteo Rensi ma’lum qildi, deb yozadi “Interfaks”.
Islohot, jumladan, senatdagi o‘rinlarni 315 tadan 100 tagacha qisqartirishni ko‘zda tutadi. Senatning hozirgi vazifalari bir qismini bekor qilish taklif etilgan.
Bu takliflar Rensi tashabbusi bilan ishlab chiqilgan. Islohotdan ko‘zlangan maqsad mamlakat boshqaruvini yanada soddalashtirishdir.
Avvalroq islohot loyihasini parlament deputatlari ma’qullagan edi. Loyihani ma’qullab 361 nafar deputat ovoz bergan bo‘lsa, yetti nafari unga qarshi ovoz bergan.
Muxolifatdagi “Olg‘a, Italiya” partiyasi va “Besh yulduz” harakati mazkur masala bo‘yicha ovoz berishda qatnashishdan bosh tortgan edi.
Izoh (0)