Fransiya poytaxti Parij shahrida 20-sentabr kuni IFTM Top Resa — 2016 xalqaro sayyohlik ko‘rgazmasi ochildi. Unda O‘zbekiston turistik salohiyati keng namoyish etilmoqda, deb yozadi O‘zA.
IFTM Top Resa dunyodagi eng yirik va nufuzli xalqaro ko‘rgazmalardan biridir. Bu yil mazkur ko‘rgazmada AQSh, Avstriya, Belgiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Braziliya, Rossiya, Belarus, Vyetnam, Hindiston, Isroil, Eron va boshqa mamlakatlardan bir yarim mingdan ziyod sayyohlik firma va kompaniyasi o‘z xizmatlarini taklif etmoqda. Ko‘rgazma sayyohlik sanoatining barcha zamonaviy yo‘nalishlarini o‘zida mujassam etgan.Parijdagi Porte de Versailles ko‘rgazmalar majmuasida o‘tkazilayotgan nufuzli turizm forumidan joy olgan “O‘zbekiston” milliy stendi o‘ziga xos yangi dizayni, bezaklari va mazmunan boyligi bilan ko‘rgazma ishtirokchilari e’tiborini tortmoqda. Unda mamlakat tarixiy obidalari, o‘zbek xalqining milliy an’ana va qadriyatlari aks etgan.
“Samarqand, Buxoro, Xiva, Shahrisabz va Toshkent shaharlarining diqqatga sazovor joylariga oid rang-barang ma’lumotlar, xalq hunarmandligi buyumlari yarmarka ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otmoqda”, — deb yozadi O‘zA.
“O‘zbekturizm” milliy kompaniyasidan ma’lum qilishlaricha, O‘zbekistonning Fransiyadagi elchixonasida mamlakatning sayyohlik salohiyati mavzusida taqdimot o‘tkazilgan. Tadbirda ikki mamlakat turistik tashkilotlari o‘rtasida bitimlar imzolangan.
Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’”ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.
Izoh (0)