41 yoshli braziliyalik Joau Mayya Rio Paralimpiadasida syomka olib borish uchun akkreditatsiya olgan birinchi ko‘zi ojiz suratkash bo‘ldi. Bu haqda TJournal xabar bermoqda.
Fotografiya san’atiga qiziqquniga qadar Mayya San-Pauluda pochtachi bo‘lib ishlardi. U 28 yoshida — ko‘z soqqasi tomirli po‘stlog‘i yallig‘lanishi bilan bog‘liq uveit infeksiyasini boshdan kechirganidan so‘ng ko‘rish qobiliyatini yo‘qotdi. Hozir Mayya obyektlarga maksimal darajada yaqinlashib, ayrim shakl va ranglarni ajrata oladi.
Ko‘z nuri yo‘qolgach, Mayya hassa bilan yura boshladi hamda Brayl tizimi bo‘yicha o‘qidi. Aynan o‘sha paytda u surat olishga qiziqa boshladi.
“Suratga olish uchun ko‘rish qobiliyati bo‘lishi shart emas. Mening ko‘zlarim — yuragimda”, — deydi Mayyaning o‘zi.
Oddiy kamerada suratga olishni boshlagan Joau hozir smartfondan foydalanadi. U ba’zan atrofidagi odamlardan sportchi qanday kiyingan va qanday ko‘rinishda ekanligini so‘rab oladi.
Shuningdek, ayrim ko‘zi ko‘radigan odamlar uning suratlarini qayta ishlab, Instagram’ga yuklash yo‘li bilan unga yordam beradi.
Mayya 2020-yili Tokioda o‘tadigan navbatdagi Paralimpiya o‘yinlariga ham borishni rejalashtirmoqda.
Izoh (0)