Rio–2016 Paralimpiya o‘yinlarining yettinchi kunida yengil atletika bahslarida O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari bir qator medallarga sazovor bo‘ldi.
“Olamsport” nashrining ma’lum qilishicha, ayollar o‘rtasidagi yengil atletika musobaqasining yadro uloqtirish bahslarida ishtirok etgan o‘zbekistonlik Safiya Burxonova jahon rekordini yangilash evaziga kumush medalni qo‘lga kiritdi. Burxonova uloqtirgan snaryad 15,05 metr masofaga borib tushdi. Italiyalik yengil atletikachi Assunta Legnante 15,74 metr natija bilan oltin medal sohibasiga aylandi. Shuningdek, u Paralimpiya o‘yinlari rekordini ham yangiladi. Bronza medal meksikalik Rebeka Alvarezga nasib etdi.
Erkaklar o‘rtasidagi yengil atletikaning yadro uloqtirish bahslarida ishtirok etgan Husniddin Norbekov 15,17 metr masofaga borib tushdi. Bu bilan Norbekov o‘zining shaxsiy rekordini ham yangiladi. Yadro uloqtirish musobaqasida litvalik Mindaugas Bilius 16,80 metr natija bilan Paralimpiya o‘yinlari chempioni bo‘ldi. Xitoylik sportchi Dong Xia 16,06 natija bilan kumush medal bilan taqdirlandi.
Avvalroq Paralimpiya ochilish marosimida O‘zbekiston bayroqdori bo‘lgan Norbekov disk uloqtirish bahslarida jahon rekordini yangilab, Rio–2016 Paralimiya chempioni bo‘lgani haqida xabar berilgandi.
Izoh (0)