Navoiy viloyati Qiziltepa tumanidagi “Tabiat mo‘jizasi” tayyorlov savdo-xarid korxonasida sig‘imi 250 tonnalik muzlatkich ish boshladi, deb yozadi O‘zA.
Joriy yilda Navoiy viloyatida sig‘imi 1 ming 270 tonnaga teng 7 zamonaviy muzlatkich barpo etish rejalashtirilgan. Mazkur muzlatkichlarda saqlanayotgan sara mahsulotlarni nafaqat ichki iste’molchilarga yetkazib berish, balki xorijga ham eksport qilish mo‘ljallanmoqda.
“Besh yuz million so‘m sarmoya evaziga barpo etilgan muzlatkich 3 kameraga ega bo‘lib, birinchi kamerada 100 tonna olma belgilangan haroratda saqlanmoqda. Qolgan kameralar uzum va boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlari uchun ajratilgan”, — deydi korxona direktori Bahriddin Ro‘ziyev.
Joriy yilda Toshkentda o‘tkazilgan I Xalqaro meva-sabzavot yarmarkasida Navoiy viloyati fermer va dehqonlari xorijlik iste’molchilarga 35 ming tonna meva-sabzavot sotish bo‘yicha 29 million 300 ming dollarlik shartnoma imzolagan. Viloyatda joriy yilda 122,5 ming tonna meva-sabzavot yetishtirish rejalashtirilgan.
Izoh (0)